Oʻzbekiston Respublikasi mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati Andijon shahridagi umumiy ovqatlanish joyida jamiyat aʼzolari hisoblangan Xamdam Sobirov va Jaloliddin Ahmadaliyev ijrosidagi qoʻshiqlardan hech qanday ruxsatsiz hamda tegishli litsenziya shartnomasini tuzmagan holda foydalanayotganligi yuzasidan viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilgani haqida xabar qilgandi.
Murojaatda jamiyat xonandalar bilan tuzilgan shartnomalarga asosan ijrochilarning mualliflik huquqi obyektlariga boʻlgan mutlaq huquqini Respubliki hududida himoya qilishi qayd qilingandi.
Murojaatni koʻrib chiqish davomida haqiqatan ham Andijon shahrida faoliyat yurituvchi “M.S.P.” MCHJ tomonidan Xamdam Sobirov ijrosidagi “20-mart”, “Tentakcham” hamda Jaloliddin Ahmadaliyev ijrosidagi “Janonim”, “Yor bizdan ketdi” nomli qoʻshiqlari hech qanday ruxsatsiz va tegishli shartnoma tuzmagan holda omma eʼtiboriga yetkazilib kelinayotganligi aniqlangandi.
Oʻrganish yuzasidan tadbirkorga yuqorida qayd etilgan qoʻshiqlarni foydalanadigan ijrolar roʻyxatidan (pleylist) oʻchirishni soʻrab, taqdimnoma kiritilgandi. Shuningdek, jamiyat rahbariga mualliflik va turdosh huquq obyektlaridan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanish lozimligi tushuntirilgandi.
Shundan soʻng, Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudiga tadbirkordan xonandalar foydasiga tovon puli undirish hamda mualliflik huquqini tiklash haqida daʼvo arizasi kiritgan. Sud daʼvo arizani qanoatlantirib, javobgardan daʼvogarlar Jaloliddin Ahmadaliyev hamda Hamdam Sobirovlarga mualliflik huquqini buzilishi natijasida kelib chiqqan har biriga 30 million soʻmdan zararni undirish belgilangan.