Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir

    Hukumat 19 Yanvar 2021 16827

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

    Jahon tarixiga nazar solsak, har bir xalq avvalo maʼnaviy birlashuvi, milliy gʻoyasi bilan yuksalgan. Bugun yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yoʻlidan borayotgan mamlakatimizda ham milliy gʻoya masalasi juda muhim ahamiyatga ega.

    Soʻnggi yillarda bu borada qator qarorlar qabul qilindi. Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi Prezident ekani belgilab qoʻyildi. Kengashning hududiy boʻlimlariga masʼullik hokimlar zimmasiga yuklatildi. Bu oʻzgarish maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni davlatimiz siyosatida yana-da yuksak oʻringa koʻtardi.

    – Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev yigʻilishda. – Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat.

    Yaqinda boʻlib oʻtgan yirik tadbirlar – davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, Oʻzbekiston yoshlarining birinchi forumi hamda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida maʼnaviyat yoʻnalishidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi. Chunki bu borada yechimini kutib turgan, oʻzgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar koʻp. Milliy gʻoyaning mohiyatini toʻliq anglab yetmagan, eski mafkurani tasavvur qilib, bunga yuzaki qaraydiganlar ham yoʻq emas. Shu bois Prezident mamlakatimiz mafkurasining asosiy gʻoyasini taʼkidlab oʻtdi:

    – Biz yaratayotgan yangi Oʻzbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyasi boʻladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan, – dedi davlatimiz rahbari.

    Maʼlumki, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar toʻqnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy oʻzlik va maʼnaviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda. Faqat oʻzini oʻylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, isteʼmolchilik kayfiyati turli yoʻllar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilyapti.

    Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Baʼzi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda.

    Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh boʻlib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini oʻylab yashash zarur.

    Davlatimiz rahbari loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotganini taʼkidladi.

    Yigʻilishda qayd etilganidek, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilishni davrning oʻzi talab etmoqda. Jamiyatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar shunday asosda yoʻlga qoʻyilmagani uchun ham kutilgan natijani bermayapti.

    Shuning uchun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ishini tanqidiy oʻrganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi aytildi.

    Prezidentimiz ushbu markazning “Maʼnaviyat targʻibotchisi” oʻquv muassasasi negizida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifini bildirdi.

    Yigʻilishda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari belgilandi.

    Maʼlumki, hozirgi paytda maʼnaviyat targʻiboti bilan oʻnlab tashkilotlar shugʻullanadi. Lekin, ularning faoliyati aniq muvofiqlashtirilmayotgani, yagona tizimga birlashmagani sababli bir-birini takrorlash holatlari kuzatilmoqda.

    Bundan buyon Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi barcha hududiy kengashlarning, vazirlik, idora va tashkilotlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatini muvofiqlashtirib borishi belgilandi.

    Markaz va uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik taʼminoti keskin kuchaytiriladi. Uning faoliyati ilmiy tadqiqot va targʻibot-tashviqot yoʻnalishlarida qayta tashkil qilinadi.

    Tarbiyada tanaffus boʻlmaydi, deydi xalqimiz. Lekin, maʼnaviy-maʼrifiy ishlardagi uzviylik hozircha bunday emas. Bu borada bogʻcha, maktab, oliy taʼlim, mahalla – har biri alohida ish olib boryapti.

    Shu bois maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, oʻgʻil-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha taʼlim muassasalariga metodik yordam koʻrsatish muhimligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, maktablar, oʻrta maxsus va oliy taʼlim dargohlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Barcha oliygoh va ularning filiallarida mavjud shtat birliklari doirasida yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor lavozimi joriy etilishi aytildi.

    Mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. “Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-oʻqituvchi va taniqli ziyolilar biriktirilishi maʼlum qilindi. Shuningdek, Toshkent shahar nuroniylarining tarbiyasi ogʻir, ishsiz yoshlarga koʻmaklashish boʻyicha tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

    Hududlar markazida namunaviy loyiha asosida maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini barpo etish, mahalliy byudjetlar hisobidan sohaga qoʻshimcha shtatlar ajratish boʻyicha koʻrsatma berildi.

    Toshkent shahridagi “Gʻalaba bogʻi” majmuasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarix va ajdodlarimiz qahramonligini oʻrganish boʻyicha ilmiy markazga aylantirish taklifi bildirildi.

    Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni yaxshi oʻrgatish, bu yoʻnalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

    – Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy taʼsiri boʻlmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga oʻrgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Mutasaddilarga Oʻzbekistonda tarix fanini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

    Oʻzbek tilining davlat tili maqomini kuchaytirish, yurtimizda va xorijda uni oʻrganish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan koʻrsatma berildi.

    Bugun hayot yangicha fikrlash va ishlash, milliy “aql markazlari”mizni shakllantirishni talab etmoqda. Afsuski, atrofimizdagi barcha siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqur tushunib, taʼsirchan tilda yetkazib beradigan tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam. Bunday vaziyatda jamiyatimizni maʼnaviy tahdidlardan himoya qilish borasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni tubdan qayta koʻrib chiqish zarur. Shu maʼnoda, Maʼnaviyat va maʼrifat, “Taraqqiyot strategiyasi”, Islom sivilizatsiyasi markazlari, ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishdagi tadqiqot institutlari haqiqiy “aql markazlari”ga aylanishi kerakligi taʼkidlandi.

    Milliy gʻoya targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yana-da rivojlantirish maqsadida “Ijod” jamoat fondi negizida Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etilishi qayd etildi.

    Bu jamgʻarmaga 120 milliard soʻm ajratilib, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targʻibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanadi. Bu mablagʻning 90 milliard soʻmi hududlarda maʼnaviy-maʼrifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard soʻmi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga, 10 milliard soʻmi mamlakat miqyosida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yoʻnaltiriladi.

    Shu yildan boshlab, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish, bu yoʻnalish boʻyicha yetuk kadrlar tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Kitobxonlik madaniyatini kengaytirish, kino sanʼatini izchil rivojlantirish, barcha telekanallar qoshidagi badiiy kengashlar faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, teledasturlarning saviyasini oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    – Agar kimdir, maʼnaviyat masalasi – bu faqat Maʼnaviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb oʻylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir, – dedi Prezident.

    Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar boʻyicha soha mutasaddilari, oʻqituvchi va professorlar, vazirlar, viloyat hokimlari fikr bildirdi.