Bu — byurokratiya! Qogʻozbozlik, sunʼiy toʻsiqlar, uzoq navbatlar, keraksiz talablar va inson irodasini sinab turadigan muammolar — bular faqat maʼmuriy muammo emas, balki jamiyat rivojini sekinlashtiruvchi, xalq ishonchini tushiruvchi xavf-xatardir.
Jamiyat ijodkorlik bilan yashaydi, iqtisodiyot faollik bilan rivojlanadi, davlat esa xalq bilan muloqotda takomillashadi. Agar bu jarayon haddan tashqari qogʻozlar, ruxsatnomalar, tasdiqlovchi maʼlumotlar girdobida qolsa, taraqqiyot oʻzanini yoʻqotadi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholi va biznes uchun ortiqcha byurokratiyani qisqartirish, davlat bilan fuqaro oʻrtasidagi masofani kamaytirish, hech bir murojaatning eʼtiborsiz qolmasligini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar qilindi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan oltinchi ustuvor yoʻnalish — zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud- huquq tizimini shakllantirish mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu yoʻnalish doirasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish, inson omilini keskin qisqartirish, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli, aholi manfaatiga xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini barpo etish ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.
Bir paytlar oylab choʻzilgan ishlar bugun bir kunda, hatto bir necha soatda hal qilinmoqda. Ortiqcha qogʻoz aylanishi qisqarar ekan, ishtirokchi idoralar soni ham minimumga tushirilib, toʻgʻridan toʻgʻri muloqot madaniyati shakllanmoqda. Davlat xizmatlari milliy tizimini tubdan isloh qilish, raqamlashtirishni keng joriy etish, maʼmuriy jarayonlarni soddalashtirish — bularning barchasi xalq manfaatiga qaratilgan ustuvor vazifalarga aylandi.
Bu jarayon bir haqiqatni oydinlashtiradi: yurtimizda byurokratiyaga qarshi kurash bir kunlik tashabbus emas, balki strategik yoʻnalish, fuqaro qadrini yuksaltirishga qaratilgan uzluksiz jarayondir.
Davlat boshqaruvida shaffoflik va xalqchillikni taʼminlash yoʻlidagi bu saʼy-harakatlar soʻnggi yillarda oʻzining aniq va ishonchli natijalarini koʻrsatmoqda. Respublikamizda byurokratiyani qisqartirishga doir farmon va qarorlarning qabul qilinishi shu maqsad yoʻlidagi siyosiy irodaning yana bir isbotidir. Bu hujjatlarning har biri fuqaro hayotini yengillatish, davlat mexanizmlarini tezkor va zamonaviylashtirish, idoralarning masʼuliyatini oshirishga qaratilgan amaliy qadamlardir.
Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv portal, “Raqamli hukumat” tizimlarining tashkil etilishi esa mamlakatimizda mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Odamlar yillab koʻnikkan qogʻozbozlik, qator idoralarni aylanib yurish, hujjat topshirish uchun kunlab navbatda turish kabi holatlar ortda qolmoqda. Xizmatlar fuqaro uchun qanchalik qulay, tezkor va shaffof boʻlsa, davlatga ishonch ham shunchalik mustahkamlanib boradi.
2017-yilda faqat 444 turdagi davlat xizmati koʻrsatilgan boʻlsa, bugun ularning soni 1000 dan oshganini mamlakatdagi islohotlar koʻlamining yorqin dalilidir. Koʻrsatilgan xizmatlar sonining qariyb 10 barobar oʻsib, 55 milliondan oshgani esa fuqarolarning davlat bilan munosabatlari qanday tez va samarali shaklga oʻtganini koʻrsatadi.
Bundan tashqari, 90 dan ortiq xizmatlarning proaktiv va kompozit shaklda yoʻlga qoʻyilgani aholi hayotini sezilarli darajada yengillashtirdi. Masalan, tugʻilish bilan bogʻliq xizmatlarning kompozit shaklda koʻrsatilishi har yili qariyb bir million fuqaroga ortiqcha ovoragarchiliksiz katta qulaylik yaratayotgani insoniylik tamoyilining amaliyotdagi yorqin namunasidir.
Ehtiyojmand qatlamlar uchun ham davlat himoyasining yangi modeli shakllanmoqda — ijtimoiy nafaqalar, shuningdek, yoshga doir pensiya tayinlash kabi xizmatlar fuqaro murojaatisiz avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda. Bu davlatning fuqaroga qoʻl uzatishini kutishga zarurat qolmagani, balki davlatning oʻzi inson hayotidagi muhim bosqichlarni his etib, zarur yordamni oʻz vaqtida koʻrsatadigan tizim shakllanayotganini anglatadi.
Shu tariqa byurokratiyani qisqartirish borasidagi islohotlar endi faqat idoralar ichidagi tartibga solish emas, balki jamiyat ongini, davlat va fuqaro munosabatlarining mohiyatini tubdan oʻzgartirib borayotgan milliy jarayonga aylandi.
Raqamlashtirish shunchaki texnologik jarayon emas, balki jamiyatning oʻzini anglash darajasi, davlat bilan inson oʻrtasidagi masofaning qisqarishi, vaqt qadrining qayta kashf etilishidir. Bugun 30 turdagi xizmatning real vaqt rejimida koʻrsatilayotgani — ilm va taraqqiyot orqali inson mehnatiga hurmatning amaliy ifodasidir. Bir qarashda oddiy raqamdek tuyuladi, ammo uning zamirida bir necha million insonning asrab qolingan va qutqarilgan vaqti, ortiqcha ariza va navbatlardan xalos etilgan yuz minglab taqdirlar mujassam.
Oʻtgan yilda 8 millionga yaqin xizmatning avtomatik tarzda koʻrsatilishi davlat va fuqaro oʻrtasidagi koʻrinmas devorlarning parchalanishi demakdir. Ilgari odamlar bir xonadan ikkinchisiga yugurar, qogʻoz koʻtarib ovora boʻlar edi. Endi esa xizmat odamning oldiga keladi. Bu — davlatning xalq oldidagi yangi masʼuliyati, inson huquqi va shaʼnining oʻzgacha eʼtirofi.
Elektron hujjat aylanmasi har yili aholining 23 milliard soʻmini tejab berayotir. Bu mablagʻ emas, balki yurak bezovtaligidan asralgan onlar, uyga ertaroq qaytish imkoni demakdir. Chunki davlatning har bir islohoti oxir-oqibat inson hayotini yengillatishi, kun tartibini qulaylashtirishi kerak.
Tadbirkorlik sohasidagi oʻzgarishlar ham hayotning oʻzi kabi teran maʼno kasb etmoqda. 160 dan ziyod litsenziya va ruxsatnomalarning bekor qilinishi insonning kuchi va aqlini qogʻozlar bilan emas, amaliyot bilan baholashga oʻtishdir. Biznes uchun elektron ruxsatnomalar, 140 hujjat talabining bekor qilinishi — tadbirkorga ishonch bildirishning, tashabbusiga qanot bagʻishlashning amaliy koʻrinishi. Chunki tadbirkor qanotli boʻlsa, iqtisodiyot ham, jamiyat ham yuksaladi.
Eksterritorial xizmatlar esa mamlakatning har bir burchagida bir xil imkoniyat yaratishda ayni haqiqatga aylandi. Bu ham davlatning har bir xonadon eshigiga qadar borish niyatining ifodasi. Fuqaro qayerda yashashidan qatʼi nazar, huquqi, qadri bir xil boʻlishi kerak.
Ana shunday ulkan oʻzgarishlar orasida “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili yurtdagi muhim gʻoyalardan biri sifatida hayotga tatbiq etildi. Bir umr orzu qilgan ishini boshlash uchun odamga bir yil emas, bir oy emas, 15 daqiqa yetgani jamiyat taraqqiyotga qanday intilayotganining eng yorqin ramzidir. Chunki vaqt qadrini bilgan millatgina kelajakni qoʻlga kirita oladi.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida byurokratiyani bartaraf etish masalalariga bagʻishlangan xalqaro forumda byurokratiyani kamaytirish boʻyicha alohida dastur tasdiqlanganini taʼkidlagan edi. Bu hujjat — qogʻoz va shtamplar yuki ostida ortga tortilgan jamiyatni erkin nafas oldiradigan, davlat bilan inson oʻrtasidagi masofani yana ham qisqartiruvchi ulkan qadamdir.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan maqsad ham olijanob: 2030-yilga qadar Oʻzbekistonni ortiqcha byurokratiyadan xoli hududga aylantirish. Bu davlat xizmatining mohiyatini tubdan oʻzgartirish, fuqaro uchun qulay ekotizim barpo etish, boshqaruv falsafasini “insonga xizmat” tamoyili asosida qayta qurish demakdir.
Dasturda belgilangan vazifalar esa yuqori surʼatda amalga oshiriladi. Davlat xizmatlari sonining 1500 taga yetkazilishi, elektron xizmatlar ulushining 95 foizga chiqarilishi mamlakatda qogʻozbozlikdan emas, raqamli ishonchdan iborat boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan ishlar koʻlamidan dalolat beradi. Bu yil 250 ta xizmat elektron shaklga oʻtkazilishi, avtotransport roʻyxatidan tortib, QQS qaytarishgacha boʻlgan jarayonlarning raqamlashtirilishi inson hayotini yengillashtirishga qaratilgan amaliy qadamlardir.
Yangi Oʻzbekistonda “Qogʻozsiz hukumat” tizimiga oʻtish — davlatning yangi yuzi, yangi madaniyati, yangi masʼuliyati. Mavjud 40 million hujjatning 25 milliontasini raqamlashtirish, joriy yil 5 million hujjatni elektron shaklga oʻtkazish — oʻzgarishlar qanday koʻlamda amalga oshirilayotganini oʻziga xos tarzda aks ettiradi. Proaktiv va kompozit xizmatlarning 400 taga yetkazilishi esa boshqaruvdagi eng muhim tamoyilni joriy etadi: fuqaro murojaat qilmaydi, xizmatning oʻzi uning oldiga keladi. Bu byurokratiyani yengishning eng oliy bosqichi, davlatning inson oldidagi haqiqiy masʼuliyatidir.
Shu bilan birga, barcha davlat xizmatlari toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi, bir-birini takrorlovchi, fuqaroga yuk boʻladigan talablar bekor qilinadi. Kommunal tarmoqlarga ulanish, qurilish ruxsatnomalari, litsenziya va ruxsat berish jarayonlarida 300 dan ortiq xizmat soddalashtiriladi. Fuqaroning toʻrt xil tarmoqqa bitta ariza bilan ulanishi — vaqt qadrini his etayotgan davlatning amaliy qiyofasi.
Xizmat koʻrsatish muddati yarmigacha qisqarishi, 110 dan ortiq hujjat va maʼlumot talabining bekor qilinishi nafaqat byurokratiyani yoʻqotish, balki fuqaroga ishonch bildirish madaniyati shakllanayotganini koʻrsatadi. Davlat xizmatlari portali, “Litsenziya” tizimi, “Yagona darcha” va koll-markazlarning sunʼiy intellekt asosida ishlashi esa davlat boshqaruvining yangi davriga qadam qoʻyish demakdir. Eng muhimi, dastur samaradorligini doimiy monitoring qilib boradigan maxsus ofis tashkil etiladi. Bu islohotlarni qogʻozda emas, hayotda amalga oshirishga qaratilgan mustahkam mexanizm vazifasini bajaradi.
Endi aholi va tadbirkorlar toʻgʻridan toʻgʻri yangi tashabbuslarni kiritish, vazirlik va idoralarning faoliyatini baholash imkoniyatiga ega boʻladi. Bu mexanizm davlat bilan xalq oʻrtasidagi aloqani mustahkamlab, hamma uchun ochiq, shaffof va adolatli tizim yaratishga xizmat qiladi. Shu maqsadda 3 million dollarlik mukofot jamgʻarmasi tashkil etildi. Byurokratiyani kamaytirish boʻyicha yangi tashabbus bilan chiqqan har bir fuqaro, tadbirkor yoki davlat xizmati xodimi alohida ragʻbatlantiriladi; qoʻshimcha nominatsiyalar orqali esa barcha tashabbuslar eʼtirof etilgan holda qoʻllab-quvvatlanadi.
Yurtimizda byurokratiyani bartaraf etish tashabbuslari davlat xizmatlarini soddalashtirish bilan birga xalq hayotini yengillashtirish va inson qadrini markazga qoʻyishga qaratilgan. Byurokratiyani qisqartirish orqali yaratilgan yangi davlat xizmatlari ekotizimi tezkor va qulay boʻlishi barobarida xalqning hayoti sifati va tadbirkorlik muhitini ham yaxshilaydi. Bu jarayonning asosiy gʻoyasi har bir qaror va har bir xizmatning faqat inson manfaatiga xizmat qilishi, davlatning aholi oldidagi masʼuliyatini chuqur his qilishidir.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri