O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg'armasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qarori qabul qilinganiga ham 5 yil to'ldi.

Qaror bilan tashkil etilgan Jamoat ishlari jamg'armasi o'sha kundan boshlab xalqimizning og'irini yengil qilish — bandligini ta'minlash, xalqimizning turmush farovonligi, daromadlarini oshirish, majburiy mehnatga barham berish yo'lida xizmat qilmoqda.

Jamg'arma o'z faoliyatini 8 ta muhim yo'nalish bo'yicha boshlagan bo'lib, hozirda 12 yo'nalish bo'yicha faoliyat olib bormoqda. Bular:

  • Shahar, tuman, aholi punktlari, mahallalar va boshqa hududlarni obodonlashtirish (ko'kalamzorlashtirish, tozalash, oqlash, madaniy ob'ektlar, ziyoratgohlar, qabristonlar va ariqlarni tozalash kabilar);
  • Uy-joy kommunal va boshqa infratuzilma ob'ektlarini ta'mirlash;
  • Ko'chalar, yo'llar va piyodalar yurish yo'laklarini ta'mirlash;
  • Mavsumiy qishloq xo'jalik ishlari, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini ta'mirlash;
  • Nogironlar, keksalar, bemorlar va boshqalarni parvarishlash;
  • Sanoat tarmoqlari va xizmatlar ko'rsatish sohasi tashkilotlaridagi ishlar;
  • Obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlari.
  • Qonun hujjatlariga muvofiq ularga bo'lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda jamoat ishlarining boshqa turlari ham nazarda tutilishi mumkin.

So'nggi yo'nalishlar og'ir pandemik vaziyat yuzaga kelganda, ya'ni qat'iy karantin davrida paydo bo'ldi. Tashkil etilgan blok-postlarda, yordamga muhtoj oilalarga birlamchi mahsulotlarni yetkazishda, dezinfeksiya ishlarini tashkil etishda ham jamoat ishlari tashkil etildi.

— Masalaning mohiyaati shundan iboratki, jamoat ishlari dasturi qay darajada odamlarga xizmat ko'rsatyapti va odamlar hayotini o'zgartirishga qay darajada xizmat qilmoqda?, — deydi Xalqaro mehnat tashkiloti vakili Ramirro Pizarro. — Muhim jihatlardan biri, jamoat ishi bilan band qilish imkoniyatlari va jamoat resurslari chindan ham yordamga eng muhtoj qatlamga yo'naltirilyaptimi? Agar chindan shunday bo'lsa, jamoat ishlari dasturi kambag'allikni qisqartirishga xizmat qilmoqda. Ana shundagina jamoat ishlari kambag'al va ishsiz qatlam uchun xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash, bandlikka ko'maklashish markazlari va ijtimoiy himoyaga yo'naltirilgan xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi. O'zbekistondagi jamoat ishlari uchun ishlangan dasturning o'ziga xos qiziq tomoni shundan iboratki, bu mahalliy hokimiyat va xususiy sektorning o'zaro hamkorligidir. Masala esa qanday qilib doimoiy va ekologik toza ishlar bilan aholini ta'minlashdir. Shu jumladan, mahallalar va mahalliy uchastka nozirlari ham jamoat ishlari dasturiga biriktirilishi va resurslardan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishi masalasini ham ko'rib chiqish kerak. Shuni hisobga olgan holda, biz mahalliy hokimiyat uchun strategik dasturlar ishlab chiqishimiz, yangi va doimiy ish o'rinlarini yaratishimiz kerak. Bu o'z navbatida mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga ham o'z hissasini qo'shishi kerak.

O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg'armasiga O'zbekiston Respublikasining 2020-yil 25-dekabrdagi “Davlat byudjeti to'g'risida”gi qonuniga asosan 2021-yil uchun 250,0 milliard so'm mablag' ajratildi. Jamg'arma xodimlari mana shu mablag'larning maqsadli sarflanishi, talon-taroj bo'lishiga yo'l qo'ymaslik yo'lida xizmat qilmoqda.