Chunki jamoat transporti tizimini yaxshi yoʻlga qoʻyish orqali iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish, havoning musaffoligini asrash, odamlarni koʻzlagan manziliga yetkazish va albatta, tirbandliklarni kamaytirish mumkin.

Shu bois Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Toshkent shahrida jamoat transporti bilan bogʻliq muammolarni oʻrganib chiqdi va undan foydalanish samaradorligini oshirishning muhim omillarini baholadi. Buning uchun aholi oʻrtasida soʻrov oʻtkazildi. Unda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 1 ming 315 kishi ishtirok etdi.

Soʻrovda qatnashganlarning katta qismini, aniqrogʻi 624 nafarini 31-55 yosh, 574 nafarini 18-30 yosh oraligʻidagi kishilar tashkil etdi. 76 kishi 55 yoshdan oshganlar, 41 kishi esa 18 yoshgacha boʻlganlar guruhidan joy oldi. Yosh taqsimotidan koʻrinib turibdiki, respondentlarning asosiy qismi mehnatga layoqatli yoshdagilardir. Ular koʻzlangan manzilga qanday yetib borish mumkin, degan masalaga har kuni duch keladi.

Soʻrovda ishtirok etganlarning 29 foizi avtomobilini shahardagi maxsus transport markazlarida qoldirib, yoʻlni jamoat transportida davom ettirishga tayyorligi va shunday markazlarga ehtiyoj sezishini bildirdi. Respondentlarning 33 foizi bu masala yuzasidan tizim samarali ishlagandan keyingina bir qaror qabul qilishini, 17 foizi ehtiyoj sezmasligini va 21 foizi shunday imkoniyatdan foydalanishni istamasligini bildirdi.

Tadqiqot davomida respondentlarning 73 foizi yoʻlovchilarning haddan tashqari koʻpligini, 60 foizi jamoat transportining kelish va harakatlanish jadvaliga rioya qilmasligini, 36 foizi noqulayligini, 27 foizi boshqa transport vositalarining mavjudligini, 26 foizi bekatlarning holati va noqulay joylashuvini jamoat transportidan foydalanmaslikdagi asosiy sabab sifatida keltirgan.

Respondentlar shahar jamoat transporti tizimi sifatini 1 dan 10 ballgacha boʻlgan shkala boʻyicha baholadi. Shunda oʻrtacha ball 4,42 ni tashkil qildi. Uzoq kutish vaqti, transport almashtirishlar soni, tegajaklik muammosi va haftalik sayohatlar soni respondentlarning subyektiv bahosiga salbiy taʼsir qiladi. Masalan, har bir transport almashtirish bahoni 0,16 ballga kamaytiradi. Transport kutish vaqtini har 10 daqiqaga qisqartirish subyektiv baholashni 10 dan 0,4 ballga, kelish va harakat jadvaliga rioya qilish, onlayn kuzatish imkoniyati mavjudligi sifatni jami 1,65 ballgacha oshirishi mumkin (har bir tarkibiy qism alohida 0,55 ball).

Tegajaklik muammosini jamoat transporti sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi yana bir omil sifatida keltirish mumkin. Ushbu muammoga duch kelgan fuqarolar jamoat transporti sifatini oʻrtacha 0.54 ballga past baholashgan.

Odiljon Nazarov,

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi