Joriy yilning 2-4 noyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti - FAO Mintaqaviy konferensiyasining Yevropa uchun o'ttiz ikkinchi sessiyasi tashkil etildi.
Tadbir boshida BMT FAO tashkilotining Evropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy Konferentsiyaisining 32-sessiyasida O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xojaev 2022-yilgacha FAOning yuqori boshqaruv organi hisolanadigan mintaqaviy Konferensiyaga rais etib saylandi. Vazir 2 yil davomida keyingi yig'ilish chaqirilgunga qadar Konferensiya faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Qishloq xo'jaligi vazirligi matbuot xizmati keltirgan xabarga ko'ra, panelli sessiya doirasida tadbir ishtirokchilari butun mintaqa uchun dolzarb bo'lgan oziq-ovqat xavfsizligi va agrar sektorni rivojlantirish masalalarini shakllantirgani va muhokamaga qo'ygani uchun O'zbekiston Hukumatiga samimiy minnatdorlik bildirishdi.
Qayd etish kerakki, mamlakatimiz vakillari faoliyat doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni boshqarib, muvofiqlashtirib, hal qiluvchi takliflarni kiritadi. Konferentsiya raisi mintaqaviy Konferentsiyaning 2020-2023 yillarga mo'ljallangan ish rejasini amalga oshirishga ko'maklashadi va barcha tadbirlarni muvofiqlashtiradi. Keyingi konferentsiyaga qadar mintaqada FAO faoliyati bilan bog'liq har qanday norasmiy konsul`tatsiyalar, tashabbuslar va dasturlar Konferentsiya raisi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Ayni paytda O'zbekiston mezbonligida tashkil etilayotgan mazkur nufuzli virtual yig'ilishda Evropa va Markaziy Osiyoning FAOga a'zo 53 ta davlatlari, Evrokomissiya delegatlari, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillarining 400 ga yaqin vakillari ishtirok etmoqda.
Konferentsiyaning ochilish marosimida Qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xojaev ishtirokchilarni qutlar ekan, mintaqaviy anjuman FAOning a'zo davlatlar bilan mintaqaviy ishlari samaradorligini ta'minlashda, shuningdek kelgusi ikki yillik ishlarning ustuvor yo'nalishlarini belgilashda muhim o'rin egallashini bildirdi.
- Biz global epidimiologik vaziyat masalalari yuzasidan xalqaro hamjamiyat bilan, shuningdek oziq-ovqat xavfsizligi masalalarining tezkorlik bilan hal etish bo'yicha qo'shni mamlakatlar bilan samarali muloqotni yo'lga qo'ydik. Afsuski, mazkur pandemiya sayyoramizning har bir burchagida, jumladan, nisbatan farovon Evropa qit'asi va Markaziy Osiyo mintaqasida jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib keldi. Koronavirus pandemiyasi, avvalo aholining eng nochor qatlami uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalalarida ko'pgina davlatlar uchun chinakam undov bo'ldi. Ishonchim komilki, ushbu anjuman davomida o'zaro fikr almashishga hamda Evropa va Markaziy Osiyodagi millionlab insonlarning hayotini yaxshi tarafga o'zgartiradigan amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishga muvaffaq bo'lamiz. Hozirda qishloq joylarida aholining turmush darajasini muntazam yaxshilab, qishloq xo'jaligini yanada unumdor va ko'p resursli qilish islohotlarimizning asosiy maqsadidir. Anjuman mintaqada oziq-ovqat xavfsizligining asosiy muammolari bilan bog'liq eng dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun yaxshigina platforma bo'lib xizmat qilmoqda.
Konferentsiyada Evropa va Markaziy Osiyoda barqaror oziq-ovqat tizimlari va sog'lom ovqatlanish ratsionlari, yoshlarning ahvolini yaxshilash, bandlikni ta'minlash va BMT Oilaviy fermer xo'jaliklari o'n yilligi munosabati doirasida qishloq tumanlarini rivojlantirish, oziq-ovqat ishlab chiqarish va qishloq xo'jaligini yuritish uchun COVID-19 pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish choralari, qishloq xo'jaligida innovatsiya va raqamlashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Tadbirda FAO Bosh direktori Tsyuy Dunyuy, BMT Bosh Kotibining 2021 yilda oziq-ovqat tizimlari Sammiti bo'yicha Maxsus vakili A. Kalibata, Xalqaro elektr aloqa uyushmasi Bosh kotibi Ch.Xuolin`, Evropa ittifoqining qishloq xo'jaligi bo'yicha komissari YA.Voytsexovskiy, Turkiya, Albaniya, Ozarbayjon, Gruziya, Isroil, Italiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Makedoniya, Moldova, Pol`sha, Tojikiston, Turkmaniston kabi o'ttizdan ortiq mamlakatlar qishloq xo'jaligi vazirlari hamda o'rinbosarlari qatnashmoqda.
SHuningdek, tadbirda yig'ilganlar muloqotni mustahkamlash zarurati, shuningdek kuchaygan pandemiya sharoitlarida mamlakatlar o'rtasidagi qat'iy va egiluvchan hamkorlik aloqalariga alohida e'tibor qaratishdi.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti - FAO Mintaqaviy konferentsiyasining Evropa uchun o'ttiz ikkinchi sessiyasi 4 noyabr` kuni mavzuga doir yalpi majlislar doirasida o'z ishini davom ettiradi.