Materialda ta'kidlanganidek, SHavkat Mirziyoev O'zbekiston Prezidenti etib saylangach, taraqqiyotning yangi bosqichida kuchli fuqarolik jamiyati rivojiga alohida e'tibor bera boshladi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayoni jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarini qamrab oldi.

«Islohotlarning yangi bosqichida xalq bilan muloqot o'rnatishda va muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishda davlat organlari tomonidan aholi fikrini hisobga olish tizimi shakllantirildi, - deya qayd etiladi materialda. - Fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirokini amaliy ta'minlash masalasi Prezident ilgari surgan tashabbus asosida kun tartibiga qo'yilgach, «xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» g'oyasi amaliyotga tadbiq etildi». Ushbu g'oya asosida jamiyatda demokratik islohotlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining faolligi sezilarli darajada orta boshladi.

Xususan, elektorat manfaati yo'lida qabul qilingan qonunlar, farmonlar, qarorlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, avvalo, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi davlat organlari va ularning rahbarlari ishini jamoatchilik tomonidan tanqid qilinishi natijasida qator kamchilik va muammolarga chek qo'yildi.

«O'zbekiston Prezidenti davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida zamonaviy shaklda tizimli va samarali muloqot o'rnatish, davlatni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan sa'y-harakatlarni birlashtirish va ularning amaliy ijrosini ta'minlash borasida samarali sa'y-harakatlarni amalga oshirish borasidagi dolzarb hayotiy g'oya va tashabbuslarni ilgari surmoqda», - deb yozadi muallif.