O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida tomonidan o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi, olim va shoir, shoh va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha turnir tashkil etildi.

Musobaqa avvalida yurtdoshlarimizga buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi, uning dunyo adabiyotiga qo‘shgan hissasi, davlat arbobi sifatida jahon tarixida qoldirgan buyuk merosi haqida maʼlumot berilar ekan, O‘zbekiston Prezidentining «Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimiz maʼnaviy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘lgani taʼkidlandi.

Tadbirda, shuningdek, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng joriy etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish maqsadida yurtimizda turli sport musobaqalari muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgani, ushbu turnir xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz orasida ham  ana shunday ishlarni davom etishining mantiqiy davomi ekanligi qayd etildi. Chunki bugungi kunda sportni ommaviy harakatga aylantirish, aholining jismoniy imkoniyatlarini rag‘batlantirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish har bir insonning muhim vazifasiga aylangan.

Turnir ishtirokchilari, o‘z navbatida, elchixona tomonidan so‘nggi yillarda Janubiy Koreyada tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, zarur hollarda ularga kerakli yordam ko‘rsatilayotgani, doimiy ravishda madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari o‘tkazib kelinayotganini yuqori baholadilar.

Turnirda hamyurtlarimizdan tashkil topgan 8 jamoa o‘zaro bahs olib bordi. Uchrashuvlar natijasiga ko‘ra, “Vodiy” jamoasi turnir g‘olibi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin “Bo‘ston” jamoasiga nasib etdi.

Musobaqa  yakunida  g‘olib  va  sovrindorlarga  diplom  hamda  esdalik sovg‘alari topshirildi.