Ushbu dastur o‘zbek zardo‘zlik va zargarlik namunalarini milliy brend sifatida xalqaro miqyosga olib chiqish, xalqimiz milliy madaniyati anʼanalarini namoyish etish orqali mamlakatimizga Janubiy Koreyadan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida tayyorlandi.
«Hande Made» nomi ostida efirga uzatilgan ko‘rsatuvda O‘zbekistonda hunarmandchilikning qadimiy turlaridan biri bo‘lgan zardo‘zlik – zar ip bilan naqsh (kashta) tikish sir-asrorlari, uning turlari, tarixi hamda xalqlar orasida ommalashishi haqidagi muhim maʼlumotlar tomoshabinlar eʼtiboriga taqdim etilgan.
O‘zbekistonga safar davomida “KNN” telekompaniyasi ijodkorlari Buxoro shahridagi mashhur zardo‘z va zargarlar ustaxonalarida bo‘lib, hunarmandlar bilan suhbatlar qurdilar. Milliy zardo‘zlik, zargarlik va kashtado‘zlik kabi sanʼat namunalarini tasvirlarga muhrladilar.
«O‘zbekistonga tashrif buyurgan nafaqat Janubiy koreyaliklar, balki boshqa xorijiy sayyohlar Sharqning go‘zal ayollari tomonidan yaratilayotgan haqiqiy sanʼat asarlarini ko‘rib tasanno aytishlari tabiiy, - deya izoh beradi “KNN” muxbiri. - Zardo‘zlik kiyimlari hozirgi kunda xotin-qizlarning milliy libosiga aylanib bormoqda. Nafosatga boy o‘zbek xotin-qizlari mashaqqatli mehnat orqali nodir asarlar yaratib, zardo‘zlik sanʼati rivojiga katta hissa qo‘shmoqda».
Dastur boshlovchisi aytganidek, mohir o‘zbek zardo‘zlari bu sanʼatni yana-da rivojlantirib, insoniyatga estetik zavq bag‘ishlashda davom etadilar. «O‘zbek zardo‘zlik va zargarlik namunalarini milliy brend sifatida xalqaro miqyosga olib chiqish mamlakatga ko‘plab xorijiy sayyohlarni jalb qilishda muhim rol o‘ynadi», - deya taʼkidlangan «Hande Made» ko‘rsatuvi yakunida.