Yaqinda taniqli sharqshunos olim Ismatulla Abdullayevning “Maʼrifat va tarbiya” maqolasi qoʻlimizga tushib qoldi va siz, aziz gazetxonlarga ham ilindik. 1989-yilda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida eʼlon qilingan ushbu maqolani oʻqir ekansiz, sobiq sovet tuzumi davrida milliy oʻzligimizni anglash, ulugʻ ajdodlarimizning boy ilmiy va ijodiy merosini oʻrganish, tiklash va targʻib etishga qanday gʻovlar qoʻyilgani, bu borada izlanish olib borgan ziyolilarimiz qanchalik qiyinchilik va mashaqqatlarga duchor boʻlganiga guvoh boʻlasiz. Shuning barobarida bugun biz oddiy hol deb qaraydigan mustaqillik, hurlik, soʻz va ijod erkinligi kabi ulugʻ neʼmatlarning qadriga yeta boshlaysiz.

Ismatulla Abdullayev chin maʼnodagi ziyoli inson edi. U butun umri davomida ilm zahmatini oʻziga hamroh etib, X-XI asrlarda Oʻrta Osiyo va Movarounnahr hududlarida arab tilida ijod qilgan koʻplab alloma va shoirlar asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Vaholanki, u davrda milliy oʻzligimizni, buyuk tariximizni koʻrsatib beradigan ilmiy ishlar qoʻllab-quvvatlanmas, aksincha, turli qarshilik va toʻsiqlarga duch kelardi. Shunday boʻlsa-da, olim oʻz aʼmolidan, prinsiplaridan sira chekinmadi. Xalqimizga, kelgusi avlodlarga ulkan ilmiy meros qoldirdi.

Atoqli manbashunos olim, mohir tarjimon Ismatulla Abdullayev bugun oramizda yoʻq boʻlsa-da, uning maʼrifat va ziyo tarqatishdek ezgu va xayrli ishlari hamon davom etmoqda. Ustoz faoliyati davomida toʻplagan boy kutubxonasini Namangan davlat universitetiga hadya etgan edi. Ayni paytda viloyatdagi koʻplab ziyolilar, ilm ahli, yoshlar ushbu noyob durdonadan bahramand boʻlishmoqda.

Butun umrini ilm-fan va madaniyatimizga bagʻishlagan Ismatulla Abdullayevning yuqorida zikr etilgan “Maʼrifat va tarbiya” maqolasi juzʼiy qisqartirishlar bilan eʼtiboringizga havola etilmoqda.

Baxtiyor YOQUBOV,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi

***

MAʼRIFAT VA TARBIYA

Oʻrta Osiyo xalqlari, jumladan, oʻzbek xalqi juda qadimiy boy tarix va madaniyatga ega. Madaniyatimiz durdonalari asosan uch: arab, forsiy va turkiy (qadimgi oʻzbek) tillarida yaratilgan. Shu bilan birga, bu yerda 1300-yil davomida islom dini hukmron din boʻlib, qonun-qoidalar, oʻquv yurtlari boʻlmish maktab va madrasalar ana shu dinga itoat ettirilgan. Tarix, adabiyot, qonunshunoslik va, umuman, hayotning hamma jabhalari shu hukmron din bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Diniy adabiyot, uning qonun-qoidalari bilan ilmiy adabiyot qorishib ketgan, buni ajratib oʻrganish, birini olib tashlab, ikkinchisini tahlil qilish qoʻpol xatoliklarga olib kelishi mumkin. Buni bir butun manba sifatida ilmiy oʻrganish va davrimiz talabiga javob beradigan tarzda xalqimizga yetkazishimiz kerak.

Oktyabr inqilobidan keyin dinni davlatdan ajratish haqida dekret eʼlon qilindi. Din arboblari yangi tuzumga qarshi chiqishga ojizlik qilardi, dekret ularni cheklab qoʻydi. Dindorlarni butunlay qirib, yoʻq qilib yuborish, xalq mablagʻi, mehnati bilan yaratilgan meʼmorlik sanʼati obidalari boʻlgan masjid va madrasalarni buzib tashlash haqida dekretda hech qanday koʻrsatma berilmagan edi. Stalinizm davrida Oʻzbekistonda juda mudhish, kechirib boʻlmaydigan ishlar amalga oshirildiki, hozir buni esga olsak, soʻzsiz, koʻzimizga yosh keladi.

Oʻrta Osiyodagi madrasalar oliy oʻquv yurti, universitet darajasida boʻlgan. Uchta til (arab, forsiy va turkiy) mukammal oʻrgatilgan. Ularda huquq, ilmi nujum, axloq, falsafa, mantiq, adabiyot, jugʻrofiya, tarix, tabobat, tariqat ilmlari oʻqitilgan. Arab va forsiy tillar orqali yerli xalq dunyoning bir qancha boshqa xalqlari tarixi, madaniyati, ilm-fani va adabiyoti bilan tanishish imkoniga ega boʻlgan. Oʻqitish usullari nihoyatda murakkab va qiyin boʻlgani uchun madrasani hamma ham muvaffaqiyatli tugatolmagan. Isteʼdodli, ilmga chanqoq talabalar ochlik, qiyinchiliklarni yengib, 10-20 yillab “madrasa tuprogʻini yalab”, uni muvaffaqiyatli tugatgan. Ular oʻz shahri va qishlogʻiga borib, tezda domla nomi bilan hurmat qozongan. Madrasalarni oddiy xalq, kosib, hunarmand va dehqon bolalari mahorat bilan tugatgan. Boy va mansabdorlar bolalari esa maishat qilish bilan kun oʻtkazgan. Ustozim arabshunos V.I.Belyayev “Til oʻrgatishda madrasa bergan ilmni hech bir boshqa institut berolmaydi”, deb bir necha marta takrorlagan edi. Hozirgi vaqtda uchta tilni mukammal egallagan, shu tillardagi qadimiy qoʻlyozma va bosma manbalarni bemalol oʻqib, tahlil qiladigan mutaxassislarni na ToshDUning sharq fakulteti va na Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston diniy boshqarmasi huzuridagi Islom instituti tayyorlab beroladi.

Madaniyat va tariximizning buyuk siymolari, jahon ilmu fani xazinasiga beqiyos hissa qoʻshgan Muhammad al-Xorazmiy, Kasir Fargʻoniy, Ibn Sino, Beruniy, Ulugʻbek, Sharqning buyuk shoirlari Xoʻja Hofiz, Nizomiy, Shayx Saʼdiy, Jomiy, Navoiy, Bedil, demokratik shoirlar Furqat, Muqimiy, Zavqiy kabilar madrasalarda tahsil olib, yuksak darajaga erishgan kishilar edi.

Madrasalarni tugatgan, zamonasining olim va oʻqimishli kishilari hisoblangan ziyolilarning bir qismi inqilobdan oldin xalqni maʼrifatga chaqirish, savodli qilish, Yevropa madaniyati bilan tanishtirish maqsadida jadidlik (yangilik)ni targʻib etdilar. Yangi usulda maktablar ochdilar, gazeta va jurnallar chiqardilar. Bular oʻz davrida yangilik tarafdorlari edi va xalq orasida maʼrifat tarqatish, savod oʻrgatishda anchagina ijobiy rol oʻynagandi. Inqilobdan keyin madrasada tahsil olgan ziyolilarning koʻpchiligi sovet hokimiyatini yoqlab, turli tashkilot va muassasalarga ishga oʻtib ketishdi, maktablarda oʻqituvchilik qilishdi, baʼzilari hunarmandlik, dehqonchilik kabi ishlar bilan shugʻullandi.

Ming afsuski, shaxsga sigʻinish davrida qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyildi. Madrasa “tuprogʻini yalagan” ziyolilarning bir qismi jadidlikda ayblanib yoʻq qilindi, bir qismi aksilinqilobchi, deb hibsga olindi va qirib yuborildi. Qolganlari diniy arbob sifatida qoralanib, “domla”, “ruhoniy” yorliqlari ostida surgun va qirgʻin qilindi. Ular oʻz zamonida oʻqimishli olim, maʼrifat tarqatuvchi, xalq hurmatiga sazovor ziyolilar ekani butunlay inkor etildi. Ularni xalq bekorga ulamolar (olimlar) deb atamagan-ku!

Shunday qilib, madaniyat va tariximizni, arab, forsiy va qadimgi oʻzbek tillarida yaratilgan boy xazinani oʻqiydigan va xalqqa yetkazib beradigan kamyob mutaxassis olimlar deyarli tugatildi, ayrim mashhur rus olimlari shaxsga sigʻinish davrida Yevropa va Amerika davlatlariga boshpana qidirib, turli yoʻllar bilan oʻtib ketgani kabi Qashqariya, Afgʻoniston va Arabistonga oʻtib ketdilar. Ularni biz vatan xoinlari deb atadik, farzandlarini taʼqib ostiga oldik.

1918-yili Toshkentda Turkiston sharq instituti tashkil etilib, keyin Oʻrta Osiyo davlat universiteti sharq fakultetiga aylantirilgan edi. 1931-yili bu fakultet ham tugatildi. 1929-yili lotin, 1939-yili esa rus alifbosiga oʻtib ketildi. Arab xatidagi qadimgi oʻzbek tilini oʻrganish ham barham topdi. Baʼzi buning uddasidan chiqadiganlar nihoyatda qoʻrqoq boʻlib, ular ogʻziga muhr bosib, qoʻliga kishan solingan edi. Doim xavf ostida turar edi. OʻzFA Sharqshunoslik institutida 40 yilga yaqin ishlagan, Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy asarlarini arab tilidan tarjima qilgan mashhur sharqshunos, uchta til bilimdoni Abdufattoh Rasulev oʻz tarjimayi holida yozadi: “Men notoʻgʻri siyosat tufayli 1924-yilda oʻqituvchilikni tashlab, 20 yil davomida gʻisht teruvchi va suvoqchilik qildim. Shunday qilmaganimda, meni ham yoʻq qilishgan boʻlardi”.

Shu tariqa 40-yillarga kelib, na arab, forsiy va turkiy tillarni bilgan mutaxassis olimlar va na bunday mutaxassislarni tayyorlaydigan ilm oʻchogʻi qolgan edi. 20-yillardan boshlab 50-yillar davomida bu uch tildagi aniq fanlar, adabiyot, tarix va tilga oid birorta manba oʻzbek tiliga agʻdarilmadi. Fan, madaniyat va tariximizni oʻrganish deyarli toʻxtab qoldi.

1944-yili Oʻrta Osiyo davlat universiteti huzurida sharq fakulteti qayta tiklandi. Ancha-muncha kadrlar yetishib chiqa boshladi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi huzurida xuddi shu yili Sharq qoʻlyozmalari (hozirgi Sharqshunoslik) instituti tashkil etildi.

1950-yillardan boshlab Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Forobiy, Saolibiy, Ulugʻbek kabi siymolar asarlari oʻzbek va rus tillariga tarjima qilinib, tadqiqot va izohlari bilan nashr qilina boshlandi. Lekin bu ish til bilgan kadrlar yetishmasligi tufayli nihoyatda sust bormoqdaki, minglab noyob asarlarni xalqqa yetkazish uchun agar shu taxlitda borilsa, yana ming yillar vaqt talab etiladi.

Bundan tashqari, 10-15 yilda mashaqqat bilan tayyorlangan bir manbani nashr etishda koʻp toʻsiqlar mavjud. Bunday tadqiqiy ilmiy ishlarni faqat bitta “Fan” nashriyoti bosadi. Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, “Oʻzbekiston”, “Oʻqituvchi” nashriyotlari ilmiy kitoblarni chop etishmaydi. “Fan” nashriyotida tiraj chegaralangan: 1000 dona. Yana bir tomoni, shu tirajni ham kitobni tayyorlagan olimning oʻzi toʻplashi kerak. Bu olim turli joylardan tanishlar orqali buyurtmanomalar berdirib, kitob tirajini mingga yetkazadi. Natijada kitob eng kerakli oʻquvchilarga yetib bormay, keraksiz joylarda chang bosib yotadi.

Akademiya institutlarida limitning kamligi tufayli nashr planiga kiritish mushkul. Baʼzan mashaqqat bilan tayyorlangan manba oʻn yillab nashr planiga kirmay yotadi. Nashriyotga ham yetib bordi, deylik. “Kitobni qisqartirasiz, mana bu joylarini olib tashlaysiz, bular diniy gaplar”, degan buyruqlar boshlanadi. “Axir bu manba, ming yil avval yozilgan, uni qisqartirib boʻlmaydi”, deb oʻtinib iltimos qilishlar, afsuski, koʻpincha foyda bermaydi.

Fikrimning dalili uchun misollar keltiray: Sharqda mashhur “Qobusnoma” kitobi 1968-yili “Oʻqituvchi” nashriyotida oʻzbek tilida qisqartirib nashr etildi. Uning 1-4, 15-23-boblari, yaʼni olti bobi tushirib qoldirilgan. Vaholanki, shu asar 1958-yili Moskvada “Vostochnaya literatura” nashriyotida toʻla nashr etilgan edi. Ibn Sino, Beruniy asarlarining din bilan bogʻliq sahifalari ham tushirib ketilgan. Ustozim V.I.Belyayevga Beruniyning “Qonuni Maʼsudiy” kitobini olib borib berganimda, “Bu muallifni tahqirlash, kim sizlarga manbani buzib nashr etishga ruxsat berdi?” degani yodimdan chiqmaydi. Sharq adabiyotining yana bir mashhur durdonasi “Hotamnoma” kitobi ham (Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1988) koʻp joylari olib tashlab nashr etildi. Mashhur “Ming bir kecha” ertaklarining ham koʻp joylari oʻzbek tiliga tarjima jarayonida olib tashlangan. Men oʻzim mashhur olim Saolibiyning (961 – 1038) Oʻrta Osiyo va xurosonlik 124 ta shoirni oʻz ichiga olgan “Yatimat ad-dahr” (“Zamona durdonasi”) nomli nodir asarini 10 yil mobaynida oʻzbek tiliga tarjima qilib, qiyinchilik bilan planga kiritib, “Fan” nashriyotiga olib keldim. Avval yarmini qisqartirasiz, degan toʻsiq, keyin “ana u yeri, mana bu yerini olib tashlaysiz, boʻlmasa bosmaymiz”, degan tahlika. Shulardan bittasi Buxoroning oʻsha davrdagi qarovsizligi, iflosligi tanqid qilib yozilgan hajviy sheʼrlar edi. “Axir, bu asar bundan ming yil avval yozilgan, shoirlar Buxoroning oʻsha davrdagi iflosliklarini hajv qilyapti”, desam, “Yoʻq, Buxoro obkomi sekretari bizning oldimizga shikoyat qilib kelishi mumkin”, deb oʻsha sheʼrlarni chiqarib tashlashdi va asar 1976-yil nashr etildi. Saolibiyning ikkinchi bir muhim asari “Latoif al-maorif” (“Ajoyib maʼlumotlar”) kitobini chop etish undan ham mashaqqatliroq boʻldi. Asarning birinchi bobida dunyoda u yoki bu narsani birinchi kim yaratgan, degan diniy maʼlumotlar berilgandi. “Fan” nashriyotining oʻsha vaqtdagi bosh muharriri A.Qosimxoʻjayev tish-tirnogʻi bilan bu nodir asarni nashr qilishdan bosh tortdi, men bir yil ovora boʻldim, nashriyot direktori H.Bektemirov ham uni qoʻllab-quvvatladi va, nihoyat, kitob nashriyot planidan chiqarib tashlandi.

Asar 1987-yili akademiya vitse-prezidenti E.Yu.Yusupov tashabbusi bilan chop etildi. Afsuski, asar dumi yulingan tovuq holiga keltirilgan edi.

Men yana bir narsa haqida toʻxtab oʻtmoqchiman. Alisher Navoiy asarlari orasida “Chihl hadis” (“Qirq hadis”) degan ruboiylari bor. Bunday ruboiylar Jomiyda va Sharqning boshqa juda koʻp shoirlarida ham mavjud. Muhammad paygʻambarga nisbat berilgan bu hadislarda deyarli diniy gaplar yoʻq, asosan, axloq-odob, ilmga muhabbat, ota-onaga hurmat, iisoniylik kabi dunyoviy gʻoyalar koʻzda tutilgan. Hozirgacha “Chihl hadis” asari Navoiy toʻplamlariga kiritilmagan. Baʼzilari olimimiz A.Qayumov tomonidan “Navoiy manzumalari” sarlavhasi bilan “Toshkent oqshomi”da eʼlon qilindi. Yana bir misol, A.S.Pushkin Qurʼon suralari asosida 15 sheʼrini yozgan. Bu “Pushkinning mashhur taqlidlari” nomi bilan uning asarlariga kiritilgan. Shoir Abdulla Sher Pushkin taqlidlaridan bir nechasini oʻzbek tiliga tarjima qilib, “Yoshlik” jurnalida berdi. Agar Abdulla Sher oʻzi Qurʼonga taqlid qilib sheʼr yozganda, hech ham bosmagan boʻlardik.

Yana bir achinarli narsa, “Fan” nashriyoti va 3-bosmaxonadan boshqa bosmaxonalarda arab va lotin harflarini teradigan mashinalar yoʻq. 1300-yil davomida yaratilgan fan va madaniyatimiz boyliklari ikki-uchta kitob xazinalarida saqlanmoqda, bularni xalqqa oʻz nusxasida yetkazish kerak. Hozirgacha Navoiy asarlari tanqidiy matni tayyorlangani yoʻq. Ozarbayjon, Tojikistonda mashhur olim va shoirlar asarlari tanqidiy matnlari arab xatida nashr etilmoqda. Oʻn yil davomida lotin harfida yozilgan asarlar taqdiri ham xuddi shunday. Bu ham kechiktirib boʻlmaydigai muammolardan biri.

Koʻrib turibmizki, arab, forsiy tillaridan tarjima qilish va qadimgi oʻzbek tilida yozilgan manbalarni xalqqa yetkazish juda ogʻir, mashaqqatli ishdir. Uch tilni bilgan olimlar bizda barmoq bilan sanaladigan qoldi. Bularning oʻrnini toʻldirish amri mahol. Hech boʻlmasa, oʻrta maktablarning muayyan qismida qadimiy oʻzbek tili, arab va forsiy tillarini majburiy programma asosida oʻqitish kerak. Axir, biz uchun adabiyotimizda 1000-yillar davomida ishlatilgan arab, forsiy tillarini oʻrganish zarur emasmi? Universitet va pedinstitutlar filologiya fakultetlarida esa majburiy ravishda qadimgi oʻzbek tili oʻrgatilishi kerak. Oliy maʼlumotli adabiyot oʻqituvchisi, dotsent va ayrim professor Navoiy asarlarini asl nusxada oʻqiyolmasligi va tushunmasligiga toqat qilib boʻladimi? ToshDU sharq fakultetida arab, forsiy, hind, xitoy tillari bilan bir qatorda qadimgi oʻzbek tili ham oʻqitilishi kerak. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik, Til va adabiyot, Qoʻlyozmalar institutlarida aspirantura yoʻli bilan mutaxassislar tayyorlashni keng yoʻlga qoʻyish, bu institutlar uchun nashriyot limitlarini koʻpaytirish, tiraj toʻplash, degan bemaʼnigarchilikka xotima berib, tarix va madaniyatimiz durdonalarini xalqqa borib yetadigan tirajda chop etish kerak.

Men yana fan va madaniyatmiz ravnaqiga ulkan hissa qoʻshayotgan yetuk olimlarimizni ularga qarshi baʼzi asossiz xurujlardan asrab, ehtiyot qilishni ham taʼkidlamoqchiman. Ijtimoiy fanlar sohasida nafaqat respublika, balki Ittifoqda dong taratgan, tariximiz, fan va madaniyatimizning tinmas tadqiqotchisi, SSSR FA muxbir aʼzosi E.Yu.Yusupovni koʻzda tutyapman. U kishi haqiqiy internatsionalist, qayta qurishning jonkuyar tashviqotchisi, xalq sevgan hassos olim va insondir. Afsuski, bunday olimni koʻrolmagan baʼzi shaxslar unga asossiz xurujlar qildilar.

Olimlarga gʻamxoʻrlik yetarli emas. Biror koʻzga koʻringan olim, fan doktori yoki professor 60 yoki 70 yoshga yetsa, uning haqida matbuotda hech narsa yoritilmaydi. Ilm ahli, zahmatkash olimlarning tiriklikdagi qadr-qimmati shumi?

Men yana yozuvchi va shoirlarimiz tomonidan badiiy asar, kino va teatrlarda oʻzbek xalqi oʻtmish hayotini nihoyatda buzib koʻrsatishdek anʼanaviy koʻzboʻyamachilikni aytib oʻtmoqchiman. Qaysi bir asarni oʻqimang, teatr va kinoni koʻrmang, oʻzbek xalqi yalangoyoq, kiyimlari yupun, qashshoq, savodsiz, qoloq qilib tasvirlanadi. Besh-oʻnta yupun qalandar yoki darvesh qoringa kashkulni osib olib, “yo ollohu yo olloh, haq doʻst yo olloh”, deb koʻchama-koʻcha yurgani yurgan. SSSRdagi koʻpchilik xalqlar oʻtmishi, albatta, hozirgiday boʻlmagan. Lekin har bir xalqning oʻz madaniyati, adabiyoti, tarixi, urf-odatlari boʻlgan.

Rus tilida chop etilgan “Oʻzbekiston tarixi” kitobida yozilishicha, 1894-yili Turkistonda maktab va madrasalar 6 ming 445 ta, 1913-yilga kelib 7 ming 665 taga yetgan. 1911-yili Oʻzbekistonda 105 ta rus-tuzem maktabi boʻlgan. 1887-yili rus-tuzem maktablarida yerli millatlarning 245 farzandi taʼlim olgan. Bulardan tashqari, xotin-qizlar oʻqitiladigan yuzlab maktab boʻlgan. Bulardan Nodira, Uvaysiy, Mahzuna, Anbar Otin kabi qanchalab shoira, adiba va olimalar yetishib chiqqan. Respublikamiz territoriyasida 20 dan ortiq shoira nomi aniqlandi. Hozirgacha biz “otinlar” deb salbiy baholayotganimiz oʻzbek ayollari qisman arab tilini, forsiy va qadimgi oʻzbek tilini esa juda yaxshi bilgan, klassik shoirlar asarlarini bemalol oʻqib, tahlil qila oladigan, tarix va tabobatdan xabardor ziyoli boʻlgan.

Yirik shaharlarda muayyan feodal va kiborlar oilasi hashamatli hayot kechirgan, lekin xalqning koʻpchiligi ilm ahli, hunarmand, savdogar, kosiblardan iborat boʻlgan. Ularning hayot tarzi, odob-axloqlari, urf-odatlari, adabiyot va sanʼati oʻz zamonasi ilgʻor anʼanalarini aks ettirgan. Ichkilikbozlik, oʻgʻirlik, birovning haqiga xiyonat qilish xalq hayotida deyarli uchramaydigan hodisa boʻlib, halollik, eʼtiqod, imon odamlar hayotida asosiy axloq normasi boʻlgan. Afsuski, badiiy adabiyot, kino, teatr va televideniyeda bu olijanob fazilatlar koʻrsatilmaydi.

Qishloq aholisi esa qoʻl mehnati bilan oddiy, halol hayot kechirgan, bir-biriga muruvvat kuchli boʻlgan. Xotinlar qishloq xoʻjaligida xuddi hozirgiday erlar bilan yonma-yon mehnat qilgan. Ularning hayot va turmush tarzida odob-axloqlari yuksak darajada boʻlib, pok va halol yashashgan. Ularda paranji-chachvon boʻlmagan, erkin va magʻrur qadam bosgan. Oʻzini yondirish, zaharlash, osish ayollar hayotida deyarli uchramagan. Ayollarimizning oʻtmishdagi bu xislatlari ham yozuvchilarimiz asarlarida aks ettirilmaydi. Oʻtmishni qoralash, yomonlash, haqoratlash qalamkashlar uchun bayroq boʻlib qolgan. Sovet davrida yaratilgan butun tarixiy va adabiy asarlarda hozirgi Oʻzbekistonda faqat 2 foiz xalq savodli boʻlgan, deb yozib kelinmoqda. Bu rus-tuzem maktabida oʻqiganlar haqida boʻlsa kerak. Maktab va madrasalarni bitirganlar savodlilar qatoriga qoʻshilmasa kerak. 30-yillarda savodsizlikni bitirish uchun kurash boshlanganda arab xatida oʻqiydiganlarni savodsizga chiqarilgan edi.

Ijodi saroy adabiyoti, diniy aqidalar bilan bogʻliq boʻlgan anchagina isteʼdodli shoirlar haqida hozirgacha qoʻrqib yozmay keldik. Umarxon saroyida yashagan, “Tazkirai shuaro” kitobini sheʼr bilan yozgan, zamonasining malik ush-shuarosi Fazliy Namangoniy, kambagʻalparvar va yetimparvar, zolimlar va boylarni sheʼriyat tigʻi bilan beomon urgan Ahmad Yassaviy, soʻz ustasi, badiiy sanʼatkor, axloq-odob, ilm-fan targʻibotchisi Soʻfiy Olloyor (“Qolibsan tanga deb ahvoli tanga”, “Uyalma maʼrifatni oʻrganurdin, tanur joying boʻlur qolsang tanurdin”), chuqur bilimdon shoir Hoji Muhiy kabi isteʼdodli, xalqning obroʻ-hurmatiga sazovor boʻlgan oʻnlab shoirlar ijodini oʻrganish vaqti yetmadimikin? Pushkin saroy shoiri emasmidi, Jomiy, Navoiy, Gogol, Tolstoy dindor boʻlishmaganmi?

Ibodat qiluvchilarning koʻpchiligini urush va mehnat veteranlari, oʻz qishlogʻi va mahallasida obroʻ qozongan oʻrta va oliy maʼlumotli moʻtabar qariyalar tashkil qiladi. Ular orasida yoshlar ham anchagina. Yoshlarni tarbiyalash, mahallalarda tozalikni saqlash, islom qattiq qoralagan ichkilikbozlik, haromxoʻrlik, zinokorlik kabi jirkanch illatlarga qarshi kurashish, oilalarni mustahkamlash kabilarda bu qariyalarimizdan foydalanishimiz kerak. Masjidlar ilgari vaqtlarda faqat ibodat qilish maskani boʻlmay, boshlangʻich maktab vazifasini oʻtagan, mahalla xalqining toʻplanib, turmush masalalarini – urishgan qoʻshni, aka-uka va eru xotinni yarashtirib qoʻyish, toʻy-maʼraka tadbirlari, bolalarni tarbiyalashga oid, koʻchalarni iflos qilmaslik, non va suvni eʼzozlash, ota-onani hurmatlash, hasharlar uyushtirish kabilar hal etilgan. Masjidlarning hovuz, chinor va terak daraxtlari, uzumzor va mevazorlari boʻlib, shinam soʻrilarda oʻtirib, sheʼrxonlik va kitobxonlik qilishgan. Mabodo dindorlarga biror joyni koʻrsatib, masjid qurib olinglar, deyilsa, 5–6 oyda binoni bunyod etishadi. Nima uchun ulardagi shu tashabbuskorlikdan foydalanmaymiz? Bogʻcha, maktablarni tuzatish, bogʻ-xiyobonlar tashkil qilish — obodonchilik masalalarida ulardan foydalanish kerak. Imom-xatiblar orqali davlat siyosati, qayta qurish muammolariga oid masalalarni ibodat qiluvchilarga yetkazish kerak. Chunki ibodat qiluvchilar koʻproq xatiblar gapini eʼtiborga oladi: “Domla bugun bu gapni aytdilar”, “Falon joyda bunday dedilar”, degan gaplarni doim eshitamiz.

Xullas, qayta qurish juda keng sohalarda amaliy ishlarda namoyon boʻlaversin.

Ismatulla ABDULLAYEV,

(“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 1989-yil, 5-may)