Jazirama kunlarda konditsionerdan qanday foydalanish kerak?

    Undan notoʻgʻri foydalanish oqibatida salomatlikda jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin.

    Konditsioner – yoz faslida, xususan, issiq ob-havo sharoitida eng muhim qurilmalardan biri hisoblanadi. Ular biz uchun uy va ofislarda qulay va salqin muhit yaratishga yordam beradi. Biroq, undan notoʻgʻri foydalanish oqibatida salomatlikda jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin.

    Xoʻsh, ushbu texnika vositasidan qachon va qanday foydalanish kerak? Uning sogʻliqqa qanday salbiy taʼsirlari bor?

    Quyida tibbiyot fanlari nomzodi Durdona Alimovaning yoz faslida konditsionerdan toʻgʻri foydalanish va uning ehtimoliy zararlari haqidagi zarur maʼlumotlari bilan tanishasiz.

    Temperaturani toʻgʻri belgilash. Yoz faslida konditsioner uchun ideal harorat 18-20°C oraligʻida boʻlishi tavsiya etiladi. Boshqa oʻlkalarda bu raqam biroz farq qilishi mumkin, ammo asosiysi — xona ichidagi salqinlik tashqari havodan keskin farq qilmasligi lozim. Bu esa tana uchun qulay va sogʻlom muhit yaratadi.

    Ventilyatsiyadan foydalanish. Konditsionerni notoʻgʻri ishlatish xonadagi havoni quritib yuboradi. Shu bois uni yoqishdan avval, ertalab yoki kechqurun xonani shamollatib turish juda muhim. Bu esa havoning toza boʻlishiga yordam beradi.

    Konditsioner tozaligini nazorat qilish. Ushbu qurilma filtrlarini muntazam ravishda tozalash yoki almashtirish muhim ahamiyatga ega. Toza filtrlar havo sifatini yaxshilab, allergen va mikroblar hamda boshqa zararli moddalarning havoga tarqalishining oldini oladi.

    Faqat zarurat boʻlganda ishlatish. Konditsionerni faqat ehtiyoj boʻlganda yoqish kerak. Xonada hech kim boʻlmagan paytlarda uni oʻchirib qoʻyish energiyani tejaydi va qurilmaning xizmat muddatini uzaytiradi.

    Konditsionerdan notoʻgʻri foydalanishning zararlari:

    Teri va allergik kasalliklar. Konditsionerdan notoʻgʻri foydalanilganda u havoni quritib yuboradi. Xonada namlik yoʻqoladi va deraza hamda eshiklar yopiq boʻlgan sharoitda havo kislorod bilan toʻyinmaydi. Bu esa vaqt oʻtishi bilan terini quruqlashtirib, yuzda ajinlar paydo qiladi.

    Qolaversa, terining doimiy quruq boʻlishi uning tashqi qatlamiga salbiy taʼsir etib, qichishish yuzaga keladi. Shuningdek, konditsioner filtrlari toza boʻlmasa, ularda yigʻilgan chang – allergenlar va mikroblar havoga tarqaladi. Bu esa allergik va infeksion kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin.

    Muskul va boʻgʻimlarda ogʻriqlar. Konditsionerdan notoʻgʻri foydalanish, yaʼni toʻgʻridan-toʻgʻri sovuq havoning inson tanasiga urilishi tufayli muskul va boʻgʻimlarda ogʻriqlar paydo boʻlishi mumkin.

    Termal shok. Tashqi muhitdagi yuqori haroratdan birdan sovuq xonaga kirish yoki aksincha muzdek xonadan issiq havoga chiqish termal shokka sabab boʻlishi mumkin. Mazkur holat tana haroratini tezda oʻzgartirib, organizmda stress reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Bu, oʻz navbatida, yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini qoʻzgʻashi mumkin.

    Qon bosimi koʻtarilishi. Odatda qon bosimi issiqdan koʻra, sovuq havoda yuqori boʻladi. Chunki, salqin harorat qon tomirlarining siqilishi va spazmlarga olib keladi. Shunday ekan, konditsioner tagida uzoq vaqt oʻtirish sistolik va diastolik qon bosimini koʻtaradi. Shu boisdan xona harorati tashqi havodan keskin farq qilmasligi maqsadga muvofiq.

    Respirator muammolar. Konditsionerning yana bir salbiy tomoni, u tana haroratini tushirib yuboradi. Oqibatda bronxit, tomoq, bel va boʻyin ogʻriqlari yuzaga keladi. Ayniqsa, qurilmaning sovuq havosi insonga toʻgʻri yoʻnaltirilsa, nafas yoʻllari shamollashi, hatto, zotiljam kelib chiqishi mumkin.

    Shunday ekan, konditsionerdan toʻgʻri va oqilona foydalaning.