“Oʻzgidromet” maʼlumotlariga koʻra, 17-iyulda respublika shimolida, janubida va choʻl hududlarida, 18-20-iyulda hududning katta qismida havo harorati 40-43 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda 44-45 darajagacha koʻtariladi.
Xoʻsh, bunday ob-havo sharoitida qanday tavsiyalarga amal qilishi lozim?
— Jaziramada, eng avvalo, bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar oʻz sogʻligʻiga yanada eʼtiborli boʻlishlari zarur, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligining Ekologik diplomatiya boʻlimi boshligʻi Abduqayum Toʻxtaqulov. — Chunki bunday issiq havo tufayli organizmning termoregulyatsiya tizimiga yuklama tushadi.
Bu esa mavjud surunkali kasalliklar zoʻrayishi yoki issiqlik bilan bogʻliq xastaliklar, xususan, organizmning umumiy holsizlanishi va hayot uchun xavfli boʻlgan oftob urishiga sabab boʻlishi mumkin.
Jazirama, ayniqsa, yurak-qon tomir tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bunday paytda insonning yurak urishi tezlashib, qon bosimi koʻtariladi. Shuningdek, organizm haroratni meʼyorda saqlash uchun koʻproq energiya sarflaydi. Oqibatda inson kuchli terlaydi. Bu esa tananing suvsizlanish xavfini yanada oshiradi. Shu sababli issiq havoda bir qancha ehtiyot choralarini koʻrish tavsiya etiladi.
Avvalo, kunning eng issiq vaqti — soat 12:00 dan 16:00 gacha imkon qadar yopiq binolar yoki salqin joylarda boʻlish lozim. Bu vaqtda quyosh nurlari eng kuchli boʻlib, tananing qizib ketishi va oftob urish xavfi yuqori boʻladi. Agar koʻchaga chiqish zarurati tugʻilsa, soya joylarda yurish, soyabondan foydalanish va faollikni kunning salqinroq paytlari — ertalab yoki kechqurunga rejalashtirish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, uy sharoitida salqinlikni taʼminlash ham juda muhim. Masalan, kunduzi quyosh tushadigan tomondagi derazalarni yopiq holda saqlash, kechasi havo salqinlaganda derazalarni ochib, xonalarni shamollatish, kunning eng issiq vaqtlarida pech, kir yuvish mashinasi, quritgich kabi oʻzidan issiqlik chiqaruvchi maishiy texnikalardan foydalanishni cheklash kerak.
Jaziramada toʻgʻri kiyim tanlash ham muhim. Yengil, keng bichimli, havoni yaxshi oʻtkazadigan tabiiy matolardan (paxta, ipak) tikilgan liboslarni kiyish tavsiya etiladi. Aksincha, sintetik kiyimlardan saqlanish lozim. Imkon qadar och rangli ust-boshlarni tanlash maqsadga muvofiq. Chunki ular quyosh nurini yaxshiroq qaytaradi.
Koʻchaga chiqqanda keng soyabonli bosh kiyim kiyish va quyoshdan himoyalovchi koʻzoynak taqish shart. Boshni esa quyosh nuridan asrash zarur. Chunki bosh miyaning qizib ketishi issiq urishiga olib kelishi mumkin.
Kun davomida tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilish ham tana haroratini pasaytirishga yordam beradi. Ammo juda sovuq suvdan foydalanmaslik kerak. Sababi haroratning keskin oʻzgarishi organizm uchun stress boʻlishi, hatto, pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Xona haroratidagi yoki biroz salqin suv eng maqbul variantdir.
Shuningdek, teriga, ayniqsa, bosh va boʻyin sohalariga hoʻl sochiq yoki latta qoʻyish ham organizmni samarali sovitadi.
Qolaversa, issiqda ogʻir jismoniy mehnat yoki sport bilan shugʻullanish suvsizlanish, silla qurishi va oftob urish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Bunday sharoitda yurak-qon tomir tizimiga tushadigan yuk ortadi, bu esa tayyorgarligi boʻlmagan odamlarda yurak xuruji yoki insult xavfini yuzaga keltiradi.
Imkon boʻlsa, sport bilan konditsionerli yopiq inshootlarda shugʻullangan afzal. Mashgʻulot paytida organizmga quloq solish, tez-tez dam olish, yetarli miqdorda suyuqlik ichish zarur. Bosh aylanishi, koʻngil aynishi yoki kuchli holsizlik kabi belgilar paydo boʻlsa, mashgʻulotni darhol toʻxtatish kerak.
Surunkali xastaliklari (gipertoniya, yurak kasalliklari, semizlik) bor insonlar issiqda jismoniy faollik bilan shugʻullanishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishlari lozim.









