Jazirama nafaqat noqulaylik tugʻdiradi, balki inson salomatligi uchun jiddiy xavf keltirib chiqaruvchi omil hamdir. Bunday ob-havo sharoitida organizmning termoregulyatsiya tizimiga katta yuk tushadi, bu esa mavjud surunkali kasalliklarning zoʻrayishiga yoki issiqlik bilan bogʻliq kasalliklar, jumladan, issiqdan organizmning umumiy holsizlanishi va hayot uchun xavfli boʻlgan oftob urishi kabi holatlarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.
Yuqori harorat, ayniqsa, yurak-qon tomir tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, yurak urishini tezlashtiradi va qon bosimini oshirishi mumkin. Organizmning tana haroratini meʼyorda saqlashga urinishi kuchli terlashga olib keladi, bu esa suvsizlanish xavfini oshiradi.
Xoʻsh, qanday ehtiyot choralarini koʻrish lozim?
Ushbu savolga Sogʻliqni saqlash vazirligining Ekologik diplomatiya boʻlimi boshligʻi Abduqayum Toʻxtaqulov batafsil javob berdi.
— Jazirama kunlari kunning eng issiq vaqti — soat 12:00 dan 16:00 gacha iloji boricha yopiq binolar yoki salqin joylarda boʻlish tavsiya etiladi, — deydi mutaxassis. — Bu vaqtda quyosh nurlari eng kuchli boʻlib, tananing qizib ketishi va quyosh urishi xavfi yuqori boʻladi. Agar koʻchaga chiqish zarurati tugʻilsa, soya joylarda yurish, soyabondan foydalanish va faollikni kunning salqinroq paytlari — ertalab yoki kechqurunga rejalashtirish maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, uy sharoitida salqinlikni taʼminlash ham muhim. Masalan, kunduzi quyosh tushadigan tomondagi derazalarni yopiq holda saqlash, kechasi havo salqinlashganda derazalarni ochib, xonalarni shamollatish, kunning eng issiq vaqtlarida pech, kir yuvish mashinasi, quritgich kabi oʻzidan issiqlik chiqaruvchi maishiy texnikalardan foydalanishni cheklash kerak.
Jaziramada toʻgʻri kiyim tanlash ham muhim. Yengil, keng bichimli, havoni yaxshi oʻtkazadigan tabiiy matolardan (paxta, ipak) tikilgan liboslarni kiyish tavsiya etiladi. Sintetik matolardan tikilgan kiyimlardan saqlanish lozim. Imkon qadar och rangli ust-boshlarni tanlash maqsadga muvofiq, chunki ular quyosh nurini yaxshiroq qaytaradi.
Koʻchaga chiqqanda keng soyabonli bosh kiyim kiyish va quyoshdan himoyalovchi koʻzoynak taqish shart. Boshni quyosh nuridan asrash juda muhim, chunki bosh miyaning qizib ketishi tezda issiq urishiga olib kelishi mumkin.
Kun davomida tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilish tana haroratini pasaytirishga yordam beradi. Muntazam yuvinish terining samarali nafas olishini taʼminlaydi. Ammo juda sovuq suvdan foydalanmaslik kerak, chunki haroratning keskin oʻzgarishi organizm uchun stress boʻlishi va hatto pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Xona haroratidagi yoki biroz salqin suv eng maqbul variantdir.
Teriga, ayniqsa, bosh va boʻyin sohalariga hoʻl sochiq yoki latta qoʻyish ham organizmni samarali sovitish usulidir.
Shuningdek, issiqda ogʻir jismoniy mehnat yoki sport bilan shugʻullanish suvsizlanish, silla qurishi va oftob urish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Bunday sharoitda yurak-qon tomir tizimiga tushadigan yuk ortadi, bu esa tayyorgarligi boʻlmagan odamlarda yurak xuruji yoki insult xavfini yuzaga keltiradi.
Imkon boʻlsa, sport bilan konditsionerli yopiq inshootlarda shugʻullangan afzal. Mashgʻulot paytida organizmga quloq solish, tez-tez dam olish, yetarli miqdorda suyuqlik ichish zarur. Bosh aylanishi, koʻngil aynishi yoki kuchli holsizlik kabi belgilar paydo boʻlsa, mashgʻulotni darhol toʻxtatish kerak.
Surunkali kasalliklari (gipertoniya, yurak kasalliklari, semizlik) bor insonlar issiqda jismoniy faollik bilan shugʻullanishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishlari lozim.









