Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda fuqarolar D.Q. va M.J. oʻzaro til biriktirib, fuqaro D.ning ishonchiga kirib, uning tanishi R.ni goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida tergov hibsxonasidan chiqarib, unga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilishib, evaziga 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Shu kabi, Departamentning Zangiota tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.N. fuqaro S.ning ishonchiga kirib, uning Zangiota tumanidagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan otasini 5 000 AQSH dollari evaziga tanishlari orqali muddatidan ilgari jazodan ozod qilib berishni vaʼda qilib, oldindan 35 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.