Davlatimiz rahbari sudlarda ishlarni koʻrib chiqish sifatini oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish zarurligiga yana bir bor eʼtibor qaratganligi, shubhasiz, sud hokimiyatining obroʻsini oshirishga va uning haqiqiy mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlarni amalga oshirish bilan bir qatorda Farmon asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuraturasi va Advokatlar palatasining sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutini tugatish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish haqida jinoyat-protsessual qonunchilikka yangi tartiblar joriy etildi.
Albatta, protsessual qonunchilikni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi bunday muhim qaror darhol paydo boʻlmadi. Avalgi jinoyat-protsessual qonuni boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrib chiqish tartibi bir necha bir birini takrorlayotgan bosqichlardan iborat boʻlganligi, ushbu holat nafaqat fuqarolarni sarsonlikka olib kelishi, balki zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga javob bermasligi bilan izohlandi.
Misol uchun, jinoyat-protsessual qonunchiligida, hukm chiqarilganidan soʻng, manfaatdor tomonlar hukm ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qeltirishlari mumkin edi. Keyinchalik qonuniy kuchga kirgan hukmga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va Bosh prokuror, ularning oʻrinbosarlari nazorat tartibida protest kiritib, jinoyat ishi boʻyicha barcha sud qarorlarini, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqqan hukmini ham bekor qilishlari mumkin edi. Koʻrinib turibdiki, sud hukmi qonuniy kuchga kirganiga qaramay, jinoyat ishi yuqori instansiya sudlarda bir necha bor koʻrib chiqilgandan soʻng, umuman qarama-qarshi qaror qabul qilinishi mumkin.
Yangi qonunda sud qarorlarini qayta koʻrib chiqish instituti yuzasidan qoʻyidagi tartiblar joriy qilingan:
tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;
apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish tartibi joriy qilingan.
Shubhasiz, Prezident tomonidan ilgari surilgan “bir sud - bir instansiya” tamoyilini odil sudlovni samarali taʼminlash, sud qarorlarini mustahqamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish uchun asosli hisoblanadi.
Sud tomonidan chiqarilgan hukmining qonuniyligini tan olib, uni qayta koʻrib chiqish bosqichlarini kamaytirsak, bizlar haqiqiy sud hokimiyatini taʼminlashga, fuqaroarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga erishamiz. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “sud binosiga kelgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak!”
Dilbar SUYUNOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat protsessual huquqi
kafedrasi professori v.b., yuridik fanlar doktori