Sport sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish yanada takomillashtiriladi

    Mamlakatimizda 7 Noyabr 2023 1017

    “Sport sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (583-son, 03.11.2023-y.) qabul qilindi

    Qaror bilan davlat sport taʼlim muassasalariga hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi futbol akademiyalariga oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlari taqdiqlandi:

    Reglamentga koʻra, davlat sport taʼlim muassasalariga oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish uchun ariza beruvchilar har yili quyidagi muddatlarda Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qiladi:

    Olimpia va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari uchun 20-iyundan 20-iyulgacha (shu kuni ham);

    Sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari, Olimpia va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun 1-avgustdan 21-avgustgacha (shu kuni ham).

    Soʻrovnoma toʻldirilib, 3 ish kunida koʻrib chiqiladi.

    Ariza beruvchining yashash manzili boʻyicha sport taʼlim muassasasida tanlagan sport turi boʻlmagan taqdirda, yaqin hududda joylashgan boshqa sport taʼlim muassasasi biriktiriladi.

    Ariza beruvchi murojaati boʻyicha yuborilgan sport taʼlim muassasasiga onlayn navbat boʻyicha boradi va tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

    Shunga koʻra, qabul komissiyasi 1 ish kunida hujjatlarni imtihon topshirish uchun qabul qilish yoki sababini aniq koʻrsatgan holda uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

    Murojaat rad etilganda ariza beruvchi 5 ish kunida avvalgi ariza raqamini koʻrsatib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta murojaat qilishi mumkin.

    Davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun ariza beruvchidan yigʻim undirilmaydi.

    Mazkur davlat xizmati 2023-yil 1-dekabrdan boshlab koʻrsatilishi belgilangan.

    Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan har yili 1-yanvargacha davlat xizmati koʻrsatiladigan hududlar roʻyxati, qabul muddatlari tasdiqlanib, oʻz rasmiy saytida eʼlon qilinadi.

    Ushbu tartib boshqa vazirlik va idoralar tizimidagi sport taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.