Jizzax viloyatida paleolit va neolit davrlariga oid yangi arxeologik maskanlar aniqlandi

    Topilgan manzillar insoniyatning dehqonchilik va chorvachilikka oʻtish davriga oid muhim maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

    2025-yil 28-apreldan 6-mayga qadar Madaniy meros agentligi hamda Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti Tosh davri boʻlimi xodimlari tomonidan Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumani hududida joylashgan Nurota togʻ tizmasining shimoli-gʻarbiy qismida dala tadqiqot-qidiruv ishlari olib borildi.

    Tadqiqotlar jarayonida tarixiy ahamiyatga ega qator arxeologik manzillar aniqlanishiga erishildi:

    • Oʻgat qishlogʻining gʻarbiy qismida soʻnggi paleolit davriga oid ibtidoiy kishilarning yashash makoni qayd etildi. Izlanishlarning dastlabki tahlillari bu hududda ming yillar avval insonlar doimiy yoki mavsumiy istiqomat qilganini koʻrsatmoqda.
    • Qaropchi qishlogʻining shimoliy etaklarida esa neolit davriga mansub ikkita yangi makon aniqlandi. Topilgan manzillar insoniyatning dehqonchilik va chorvachilikka oʻtish davriga oid muhim maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
    • Yonboshtut qishlogʻi shimolida joylashgan “Beshbuloq” nomli makon ham neolit davriga tegishli boʻlib, bu yerda qadimgi jamiyatlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga doir izlar topilgan.
    • Mazkur arxeologik topilmalar Oʻzbekiston hududida eng ibtidoiy odamlarning yashash tarixini oʻrganishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi. Tadqiqotlar hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda. Kelgusida topilmalarning ilmiy tahlillari asosida kataloglar, maqolalar va koʻrgazmalar tayyorlanishi rejalashtirilgan.