Jizzax viloyatining investitsiya loyihalari koʻrib chiqildi

    Hukumat 15 Fevral 2021 3528

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-fevral kuni Jizzax viloyatining investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

    Davlatimiz rahbariga mazkur viloyatda joriy yilda amalga oshiriladigan 515 ta loyiha haqida maʼlumot berildi. Loyihalarning umumiy qiymati 35 trillion 500 milliard soʻm. Ularning natijasida yiliga 25 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlash quvvatiga ega yangi korxonalar, qariyb 23 ming ish oʻrni tashkil etiladi. 264 million dollarlik import oʻrnini bosish hamda 311 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

    Jizzax viloyatida qurilish materiallari, avtomobilsozlik va toʻqimachilik sanoati hamda qishloq xoʻjaligi tarmoqlari katta salohiyatga ega. Loyihalarni shakllantirishda ushbu sohalar “drayver” sifatida belgilab olingan.

    Masalan, qurilish materiallari sanoatida 8 ta loyiha rejalashtirilgan. Ulardan biri – bazalt tolasi va undan turli materiallar ishlab chiqarishga qaratilgan. 723 milliard soʻmlik mazkur loyiha uchun bugungi kunda yer ajratilgan. Korxona shu yil uchinchi chorakda ishga tushirilib, 205 ta ish oʻrni ochilishi moʻljallangan.

    Shuningdek, yuqori markali sement, beton plitalar, armaturalar, geosetkalar ishlab chiqarish boʻyicha ham istiqbolli loyihalar bor.

    Avtomobil sanoatida ham loyihalar koʻzda tutilgan. Masalan, mikroavtobus, tijorat va yuk avtomobillari ishlab chiqarish boʻyicha loyiha ichki bozor uchun gʻoyat zarur. Bu korxona joriy yil yakunida foydalanishga topshirilib, 500 kishi ish bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.

    Jizzax shahrida tashkil etiladigan toʻquvchilik majmuasi mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, xotin-qizlar bandligini oshirishda muhim oʻrin tutadi. 39 million dollarlik mazkur korxona qurilishi bu yil yozda boshlanib, kelgusi yil ishga tushiriladi.

    Togʻli hududlarda dorivor oʻsimliklar yetishtirish, ularni qayta ishlab, eksport qilish davlatimiz rahbari koʻrsatib bergan ulkan imkoniyatlardan biri. Bugungi kunda mamlakatimizda shu sohaga ixtisoslashgan 7 ta klaster faoliyat yuritmoqda. Xususan, “BMB Trade Group” klasteri tomonidan Baxmal tumanida zaʼfaron yetishtirish va qayta ishlash yoʻlga qoʻyilmoqda. 30 million dollardan ziyod qiymatdagi ushbu loyiha natijasida 200 kishi ishli boʻladi.

    Shuningdek, qishloq xoʻjaligida chorvachilik, parrandachilik, goʻsht va sutni qayta ishlash, ipak mato ishlab chiqarish kabi bir nechta loyihalar moʻljallangan.

    Taqdimotda ushbu loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, moliyalashtirish manbalari va infratuzilma masalalari muhokama qilindi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatining salohiyati bundan ancha katta ekanini, koʻplab yirik loyihalarni amalga oshirish mumkinligini taʼkidladi. Toʻqimachilikda mahalliylashtirishni chuqurlashtirib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi oʻzlashtirilayotgan yerlarda talab yuqori meva-sabzavotlar yetishtirib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, yerosti maʼdanlarini oʻzlashtirishga xorijiy investitsiyalar jalb etish boʻyicha topshiriqlar berildi.