Jizzaxda kredit qarzdorligi boʻlgan fuqaro qaynotasining yer toʻlasidan topildi

    Jizzax viloyatining Jizzax shahrida kredit qarzdorligini vaqtida toʻlamay kelgan fuqaro viloyat IIB tomonidan olib borilgan tezkor tadbirda qaynotasining yer toʻlasidan topildi.

    Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Jizzax shahrining “Ravalliq” mahallasida yashovchi 36 yoshli fuqaro 2022-yilda tijorat bankidan 2 mlrd 150 mln soʻm miqdorida kredit olgan. Ammo, u 1125 boshli chorva mollarini sotib olish uchun ajratilgan ushbu mablagʻni maqsadli ishlatmagani aniqlandi.

    Jizzax IIB tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida fuqaro Jizzax shaharining Oqqoʻrgʻon mahallasidagi qaynotasining yashash uyi yer toʻlasida yashirinib yotgani aniqlanib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.

    Holat boʻyicha shu yilning 4-mart kuni ushbu fuqaroga viloyat prokuraturasi tomonidan JKning 167-moddasi (oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.