Jizzaxda ohak ishlab chiqarish tsexi gazdan noqonuniy foydalandi

    Jizzax shahrida ohak ishlab chiqarish tsexi 4,6 mlrd so'mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

    Bu haqda elektr energiyasi, neft` mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspektsiyasi xabar berdi.

    Ma'lum qilinishicha, inspektsiyaning Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va gaz ta'minoti korxonasi bilan hamkorlikda nazorat tadbir o'tkazgan. Unda Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro D.M. xonadonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.

    Ma'lum bo'lishicha, fuqaro D.M. o'z xonadonida ohak ishlab chiqarish tsexi tashkil qilib, gaz ta'minoti tashkiloti bilan shartnoma tuzmasdan hisoblagichdan oldin rezina shlang orqali tarmoqqa ulanib olgan.

    Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu qoidabuzarlik natijasida gaz ta'minoti korxonasiga 4 milliard 691 million so'mlik zarar etkazilgan.

    Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.