Murojaat Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan oʻrganildi. Oʻrganish davomida Doʻstlik tumani Mevazor MFY hududidan oʻtuvchi “Sarkisov” kanali yoqasida 13 tup tut daraxti noqonuniy kesilganligi aniqlandi. Natijada Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4, 37, 49-moddalari talablari buzilgan.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-fevraldagi “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini saqlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 93-sonli qaroriga asosan ayrim tut daraxti turlari, xususan, kesilgan tutlar qimmatbaho daraxt turiga kiritilgan.
Huquqbuzarlik natijasida oʻsimlik dunyosiga 369 million 375 ming soʻm zarar yetkazilgani maʼlum boʻldi. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-sonli qaroriga koʻra esa davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy davrida daraxtlar va butalarga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qoʻllanilishi belgilangan. Shunga asoslangan holda yetkazilgan zarar miqdori 738 million 750 ming soʻm miqdorida belgilandi.
Holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora koʻrish maqsadida Doʻstlik tuman prokuraturasiga yuborildi.