Jizzaxlik fermer piyoz yetishtirish bo‘yicha rekord o‘rnatdi

    Agrosektor 20 Oktabr 2023 1855

    U gektardan 150 tonnagacha hosil oldi.

    Bugungi kunda dunyoda 4.5 million gektar maydonga piyoz ekilishi natijasida 92,1 million tonna mahsulot yetishtirilmoqda. O‘rtacha hosildorlik esa, gektaridan 19,3 tonnani tashkil etmoqda.

    Dunyo miqyosida piyoz yetishtirish bo‘yicha Xitoy, Hindiston, AQSh, Eron davlatlari yetakchi o‘rinni egallaydi.

    O‘zbekistonda ham piyozni yangi serhosil va turli muddatlarda yetishtirishga mos navlarini yaratish, urug‘idan, ko‘chatidan hamda no‘shidan yetishtirishda takomillashgan texnologiyalarni, xususan, suv tejovchi texnologiyalar — tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish tizimini qo‘llash orqali hozirgi kunda bir qator fermerlarimiz piyozdan yaxshi hosil olishmoqda.

    Birgina, Jizzax viloyati, Zomin tumani, Chorvador QFY hududidagi “Jilg‘alisoy shabadasi” fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Mirzayev joriy yilda tik quduq qazib, o‘z dalalariga tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish natijasida, fermer xo‘jaligi dalalarida o‘zi yetishtirgan mahalliy piyoz urug‘larini ekib, rekord darajada piyoz yetishtirishga erishdi. Hosil, har gektar maydondan 150 tonnani tashkil etib, bu borada yangi REKORD o‘rnatildi.

    “Bu yilgi natija bilan to‘xtab qolish niyatimiz yo‘q, keyingi yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy tadqiqot institutlari olimlari bilan birgalikda gektaridan 160 tonna hosil olishni reja qilganmiz. Xudo xohlasa, keyingi 3 yilda hosilni yanada ko‘paytirib gektaridan 200 tonnagacha hosil olishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz” – deydi, o‘z yutug‘idan mamnun bo‘lgan fermer, Baxtiyor Mirzayev.