Samarqandlik xonanda B.Narziqulov mualliflik huquqini buzish, yaʼni asarlardan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek, asarlarning kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining nusxalarida ularning tayyorlovchilari haqida, ularni ishlab chiqarish joylari toʻgʻrisidagi axborotni koʻrsatishda ifodalangan huquqbuzarlikni sodir qilgan.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati raisi M.Sabitovning mazkur jamiyat aʼzosi hisoblangan fuqaro I.Nurimovning mualliflik huquqlari buzilganligini bildirib, ushbu holat yuzasidan javobgar shaxsga nisbatan tegishli chora koʻrish toʻgʻrisidagi murojaatida bayon qilingan.
Maʼlum boʻlishicha, I.Nurimovning muallifligidagi “Joʻralarim mujik” nomli sheʼridan fuqaro B.Narziqulov asar muallifidan rozilik olmasdan foydalangan. Qolaversa, hech qanday kelishuv tuzmasdan mazkur sheʼrni tojik tiliga muallifning roziligisiz tarjima qilgan hamda muallif tomonidan yaratilgan kompozitsiyadan ham foydalangan holda omma oldida ijro etib kelgan.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan murojaatni oʻrganish jarayonida I.Nurimov Oʻzbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati aʼzosi ekanligi hamda “Joʻralarim mujik” nomli sheʼr I.Nurimov qalamiga mansub boʻlib, mazkur asarga nisbatan mutlaq mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlar unga tegishliligi maʼlum boʻldi.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi”gi Qonunining 61-moddasiga koʻra, muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga ega.
Yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Qonunda koʻrsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan, ular boʻlmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.
Asarni barchaning eʼtiboriga yetkazish, uni omma oldida ijro etish, tarjima qilish muallifning asardan foydalanishi boʻlgan mutlaq huquqlar sirasiga kiradi. Unga koʻra, fuqaro B.Narziqulov mazkur harakatlari bilan belgilangan talablarni buzgan.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilishi natijasida Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudi fuqaro B.Narziqulovni Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 177-1-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topib, BHMning 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi