Kechasi va erta tongda havo 13-16° gacha salqinlashdi, kunduz kunlari esa harorat 29-32° dan yuqoriga koʻtarilmadi, faqat janubiy hududlarning eng chekkasida 32-35° qiymatlariga etdi.

Haftaning boshida salqin ob-havo saqlanib turadi. Bugun kunduz kuni harorat 28-33°, ertaga 30-35° atrofida boʻladi.

Chorshanba kunidan esa salqin havo massasi Oʻzbekiston hududidan chekina boshlaydi va uning oʻrniga Eron hududlaridan nisbatan issiq ob-havo kirib keladi.

Havo harorati asta-sekin koʻtariladi va haftaning oxiriga kelib, kechalari 18-20° gacha, kunduz kunlari 36-38° gacha koʻtariladi.

Bunday harorat avgust oyining ikkinchi yarmi uchun boʻlgan oʻrtacha koʻp yillik qiymatlardan 2-3° ga yuqori boʻladi. Biroq shuni qayd etish joizki, ushbu davrda Oʻzbekiston hududida eng issiq yillarda harorat 40-41° gacha, janubda esa 42-44° gacha koʻtarilgan. Biz hafta davomida va keyinchalik ham bunday issiqni kutmayapmiz.

Respublika boʻyicha hafta davomida birozdan oʻrtachagacha boʻlgan shamollar bilan quruq va asosan kam bulutli ob-havo saqlanib turadi.

Fargʻona vodiysi viloyatlarining ayrim togʻli hududlarida faqat bugun kechqurun momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.