Joriy yilda 2500 ga yaqin xorijiy OTM tomonidan berilgan diplom nostrifikatsiyalanadi

    AOKAda Bilimni baholash agentligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida boʻlib oʻtayotgan matbuot anjumanida tizimda oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi rejalar haqida maʼlumot berildi

    Bilim va malakalarni baholash agentligi 2023-yilga qadar Davlat test markazi sifatida faoliyat yuritgan boʻlib, 2022-yil davomida agentlik tomonidan 52 turdagi test sinovlari tashkil etilib, unda 2 mln nafardan ortiq talabgorning bilimi sinovdan oʻtkazildi.

    Test sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish maqsadida oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlarini oʻtkazish uchun respublika boʻyicha 58 ta bino, stadion va xiyobon tanlab olinib, mazkur joylar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda test sinovlariga toʻliq tayyorlandi. Bunda bir smenada 48 420 nafar, bir kunda esa 96 840 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi taʼminlandi.

    Test sinovlariga nazoratchi sifatida jalb etish uchun 5,7 ming nafardan ziyod pedagog xodimlarga oʻquv-seminar mashgʻulotlari tashkil etildi va mashgʻulotlar yakunida imtihon qilinib, 3,6 ming nafardan ziyod pedagog xodimlar guruh nazoratchisi sifatida tanlab olindi.

    Test natijalariga koʻra 190 375 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Shundan 39 962 nafari davlat granti, 150 413 nafari toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan.

    Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha 2022-yil davomida 15 ta chet tili boʻyicha 16-marta imtihonlar tashkil etilib, 63 mingdan ziyod talabgorning tinglab tushunish, oʻqish, yozish va gapirish koʻnikmalari boʻyicha chet tilini bilish darajasi aniqlandi. Mazkur imtihonlar 4 toifaga boʻlinadi:

    1. Akademik litsey bitiruvchilari uchun bepul chet tili imtihoni;
    2. Chet tillari oʻqituvchilari uchun ustama imtihoni;
    3. Chet tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish imtihoni.
    4. Xorijiy tillar boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan 6 ta oliy taʼlim muassasasiga kirish uchun chet tilidan ijodiy imtihon.

    Shuningdek, 2022-yilda chet tilini bilish darajasini aniqlashning koʻp darajali tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Hozirga kelib inlgiz, nemis, fransuz va arab tillaridan chet tili imtihonlari koʻp darajali (multilevel) formatda oʻtkazilmoqda. Bundan tashqari, chet tili imtihoni natijalarini eʼlon qilish muddati 3 haftadan 1 haftagacha qisqartirildi.

    2023-yilda ham 50 dan ortiq turdagi test sinovlari tashkil etilib, unda 2 mln nafardan ortiq talabgor test sinovidan oʻtkaziladi. Buning uchun 15 ta umumtaʼlim fanidan 25 mingga yaqin, qardosh tillardan 4,5 mingdan ortiq, sharq tillari hamda ispan va italyan tillaridan 1,7 mingdan ortiq, 50 tadan ortiq maxsus fandan 15 mingdan ortiq test topshiriqlari shakllantiriladi. Umumtaʼlim fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari uchun 9 ta umumtaʼlim fanidan (matematika, biologiya, fizika, kimyo, tarix, geografiya, ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyot, qoraqalpoq tili va adabiyot) 855 ta test topshirigʻi shakllantiriladi, tarjima qilinadi va ekspertizadan oʻtkaziladi.

    Abituriyentlarning test materiallari bilan ishlash koʻnikmasini shakllantirish maqsadida namunaviy test topshiriqlari asosida 100 ming nafarga yaqin yoshlarning diagnostik test sinovlari orqali bilimi baholanadi. Keng jamoatchilik vakillari orasidan 8 ming nafardan ortiq nomzod my.dtm.uz sayti orqali test sinovlariga guruh nazoratchisi sifatida roʻyxatga olinib, ularning malakasi oshirilmoqda. 1,8 mingdan ortiq test variantlarining klassik va zamonaviy test nazariyalari asosida statistik tahlili amalga oshiriladi.

    2,5 mingga yaqin xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash ishlari amalga oshiriladi. Taʼlim sohasi tashkilotlari tomonidan beriladigan 10 mingdan ortiq rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyiladi.