Innovatsion rivojlanish vazirligida yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga, shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar muhokama etildi.
Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan oʻtgan 3 yil davomida 231 nafar yosh olim yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlar, markazlar, universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborilgan va ushbu maqsadlarda jamgʻarma tomonidan 8 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilgan. Koronavirus pandemiyasi sababli 2020-yilda tanlovdan oʻtgan 261 nafar yoshlarning 7 nafarigina ilmiy stajirovkaga yuborildi. Mamlakatimizda pandemiya sharoiti yakunlanmagan boʻlsa-da, yosh olimlarni tanlov asosida saralab olish jarayoni davom etmoqda. Tanlovdan oʻtganlar muntazam xalqaro aviareyslar qayta tiklangach, ilmiy stajirovkaga yuborilishi rejalashtirilgan.
Vazirlik tomonidan ilmiy ish olib borish va zamonaviy asbob uskunalarni ishlata olish uchun bilimga ega boʻlish maqsadida 14 xil yoʻnalish boʻyicha stajirovkaga yuborilgan yoshlarning 21 foizi tibbiyot, 16 foizi kimyo-biologiya, 14 foizi fizika-matematika va boshqa dolzarb sohalarni tashkil kiladi.
2020-yilda 261 nafar yosh olim tanlovda gʻolib deb topildi. Karantin cheklovlari toʻliq olib tashlanganidan soʻng ularning ilmiy stajirovkasi tashkillashtiriladi va bu maqsadlarga 12 ming 656 million soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilgan.