Davlat dasturida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga 30 ta bandda vazifalarni bajarish yuklatilgan boʻlib, vazirlik shundan 7 tasida asosiy ijrochi, 23 tasida esa hamijrochi etib belgilangan. Ayni paytda 7 ta banddan 5 tasining ijrosi taʼminlandi, bajarish muddati yil yakuniga qadar boʻlgan yana 2 ta band ijrosi bajarilmoqda. Dastur ijrosi yuzasidan vazirlik tomonidan Prezidentning 3 ta, Vazirlar Mahkamasining esa 1 ta qarori qabul qilingan.

Xususan, davlat dasturining 83.4-bandida Namangan toʻqimachilik sanoati institutini tashkil etish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan edi. Bu boʻyicha Prezident qarori qabul qilinib, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab institutda oʻquv jarayoni boshlanishi belgilandi. 86.4-bandda joriy yil davomida elektrotexnika sohasiga kadrlar yetkazib berishning yangicha tizimini yoʻlga qoʻyish, “dual taʼlim” dasturini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrish belgilangan.

Joriy oʻquv yilidan Toshkent davlat texnika universiteti, Fargʻona politexnika va Namangan muhandislik-texnologiyalar institutlarida Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi bilan elektrotexnika sohasi uchun kadrlarni dual taʼlimga asoslangan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

213-bandda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy maʼlumot olish imkoniyatini yanada kengaytirish, bunda bosqichma-bosqich masofaviy taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Bu borada esa Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinib, bugungi kunda 15 ta oliy taʼlim muassasasida masofaviy taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, Davlat dasturining 214-bandida qabul parametrini shakllantirish va tasdiqlashni soddalashtirish, ushbu jarayonda oliy taʼlim muassasalari vakolatini kengaytirish boʻyicha Prezident qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Ushbu topshiriq ijrosi boʻyicha davlatimiz rahbarining qarori qabul qilinib, unga muvofiq 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti boʻyicha tasdiqlanishi belgilandi.