Davlatimiz rahbarining 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan tegishli qaroriga koʻra imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini standartlar asosida baholash va ajratilgan mablagʻlar samaradorligini taʼminlash Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga yuklatilgan.
Jamgʻarma mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilda 14 ta Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta Respublika darajasidagi, 41 ta hududiy va 22 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan 576 mlrd. soʻmlik shartnoma imzoladi.
Endilikda imtiyozli toifadagi bemorlar davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan oʻziga qulayini tanlab, tibbiy xizmatlardan bepul foydalanishi mumkin.
Bemor davolanganidan soʻng Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi muassasaga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq, sarflangan mablagʻni Davlat byudjeti hisobidan oʻtkazib beradi. Bemorlar bu qulaylikdan foydalanishi uchun oilaviy shifokorga murojaat qiladi va axborot tizimida yoʻllanma shakllantiriladi.
Soʻngra shaffof tizim orqali bemorlar navbati qachon kelishi haqida xabardor boʻlib boradi, agarda yoʻllanma tasdiqlangangach bemor 60 kun mobaynida tegishli tibbiyot tashkilotiga murojaat qilmasa, ushbu yoʻllanma oʻz kuchini yoʻqotadi.
Joriy yilning 7 oyida 58 ming nafardan koʻproq imtiyozli toifadagi bemor yoʻllanma asosida tibbiy xizmatlardan bepul foydalandi. Misol uchun, Akademik V.Vaxidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolangan 1,5 ming nafardan koʻproq bemor uchun qariyb 35 mlrd. soʻm toʻlandi. Jumladan, 208 nafar bemorda buyrak, 19 nafarida jigar koʻchirib oʻtkazish amaliyoti bajarilgan. Bunday yuqori texnologik amaliyotlarning hududlarda ham oʻtkazilayotgan esa tahsinga loyiq.
Davolangan bemorlarning 52 foiz Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 34 foizi respublika muassasalari, 11 foizi hududiy hamda qariyb 3 foizi nodavlat tibbiyot tashkilotlari ulushiga toʻgʻri kelmoqda. Albatta, bemorlarning oʻz yashash hududida tibbiy xizmatdan foydalanishi, ularning poytaxtga kelib ortiqcha sarf-xarajat qilishi va sarson boʻlishini oldini olmoqda.