U sayyorani himoya qilish va tabiatni asrash orqaligina insoniyat omon qolishi va gullab-yashnashi mumkinligini taʼkidladi. “Tabiatga boʻlgan munosabatni qayta koʻrib chiqish va oʻzgartirish vaqti keldi”, dedi u.
Hisobotda aytilishicha, bu asrda sayyoramizdagi yashash harorati Selsiy boʻyicha 3 darajaga koʻtarilishi mumkin, bu esa insoniyat uchun falokatli kechadi. Mavjud 8 million turdan ortiq hayvonlar va qushlarning bir millionga yaqin turi yoʻq boʻlib ketish arafasida.
Havoning ifloslanishi bilan bogʻliq sharoit har yili 6,5 million kishining bevaqt oʻlimiga sabab boʻladi. Yana 1,8 million kishi, asosiysi bolalar, suvning ifloslanishidan vafot etadi.
Hukumatlar birinchi navbatda muammoni hal qilish uchun chora koʻrishlari kerak — zararli gazlar chiqindilariga soliq solish, yoqilgʻi qazib olishni subsidiyalashni toʻxtatish, tabiatga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan qishloq xoʻjaligi amaliyotlariga chek qoʻyish va “yashil iqtisodiyot”ni barpo etish uchun sarmoya kiritishlari zarur. BMT rahbariyati 19-fevral kuni AQSH yana Parijning iqlim kelishuviga qoʻshilishiga qaror qilganini esladi. Prezident Jo Bayden lavozimiga kirishganidan soʻng, darhol ushbu qarorni qabul qilgandi. Guterrishning taʼkidlashicha, bu qarorni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar iqlim oʻzgarishlariga qarshi global kurashga muhim hissa boʻlib qoʻshiladi.
Bosh kotibning eslatishicha, bugungi kunda barcha karbonat angidrid chiqindilarining uchdan ikki qismini yuzaga keltirayotgan yirik davlatlar uglerod neytralligiga tayyor ekanliklarini bildirishgan. Ular orasida AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bor.
“Uglerod neytralligi” yoki “Nol emissiya” atamasi karbonat angidrid chiqindilari okeanlar va oʻrmonlar singdiradigan miqdordan oshmasligini anglatadi.