Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti koronavirusning yangi turi aniqlangani sababli Britaniya rasmiylari bilan yaqin aloqada ekanini aytdi.

“Biz Buyuk Britaniya rasmiylari bilan virusning yangi turi bo'yicha yaqin aloqada bo'lib turibmiz”, deyilgan JSSTining Twitterdagi xabarida.

Xabarda ular tahlil va tadqiqotlar natijalarini baham ko'rishda davom etishlari ta'kidlangan. Bundan tashqari, tashkilot yangi shtammning xususiyatlari va har qanday oqibatlari to'g'risida jamoatchilikni xabardor qilish niyatini e'lon qildi.

Avvalroq ingliz genetiklari COVID-19ning  shu paytgacha ma'lum bo'lgan turidan ko'ra tezroq tarqaladigan yangi infeksiyani aniqlaganlari haqida xabar berilgan edi.

Buyuk Britaniya Sog'liqni saqlash vazirligi rahbari Mett Xenkokning so'zlariga ko'ra, Angliyaning janubidagi turli hududlarda allaqachon yangi turdagi virus bilan ming nafarga yaqin odam ro'yxatga olingan va ularning soni tez sur'atlar bilan o'sib bormoqda. Shu bilan birga, virusning yangi mutasiyasi kasallikning og'ir kechishiga olib keladi, deb o'ylash uchun hech qanday asos yo'q.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson favqulodda matbuot anjumanida yangi navbatdagi cheklovlar joriy qilinganini e'lon qildi. Cheklov choralari yakshanba kunidan boshlab London va Angliyaning janubi-sharqida kuchga kiradi.