Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus omikron shtammi tarqalganidan so'ng COVID-19ning yangi varianti paydo bo'lishi mumkinligini ma'lum qildi.
“Ushbu pandemiya hali tugamaydi va omikron butun dunyo bo'ylab tarqalganidan keyin yangi variantlar paydo bo'lishi mumkin”, dedi Gebreyesus.
JSST rahbari koronavirusning yangi shtammlari bilan bog'liq vaziyatni monitoring qilish va baholashning alohida ahamiyatini qayd etdi.
Gebreyesus, shuningdek, omikron o'rtacha hisobda undan oldingi shtammlar kabi og'ir bo'lmasa-da, bu engil kasallik degan tushuncha noto'g'ri ekanligini ta'kidladi. Uning ta'kidlashicha, omikron kasalxonaga yotqizish va o'lim holatigacha olib keladi.
Koronavirusning omikron shtammi yoki B.1.1.529 noyabr oyida Botsvana va Janubiy Afrikada topilgan. Mutaxassislarning fikriga ko'ra, u kasal bo'lgan va emlanganlarga ham yuqishi mumkin. Oxirgi ma'lumotlarga ko'ra, yangi shtamm allaqachon 110 mamlakatda aniqlangan. U avvalgi delta variantidan ko'ra tezroq tarqaladi.