Xoʻsh, koronavirusning mazkur mutatsiyasi qanchalik xavfli? U qanday belgilar bilan namoyon boʻlmoqda? Bu kasallikka qarshi qaysi usullarda kurashish lozim? XEC shtammi Oʻzbekistonda aniqlandimi?
SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekovd shu kabi savollarga javob berdi.
— Xalqaro ekspertlar xulosasiga koʻra, SOVID-19ning XEC versiyasi “omikron” shtammining KS.1.1 hamda KP.3.3 variantlari kombinatsisi sifatida paydo boʻlgan va ilk bor shu yil 15-iyunda Germaniyada aniqlangan, — deydi mutaxassis. — Hozirgacha u 27 mamlakatda roʻyxatga olindi.
— Maʼlumki, bugungi kunda dunyo boʻylab “omikron” shtammining 10 ta versiyasi “aylanib yuribdi”. Mutaxassislar kelayotgan qish mavsumida XEC versiyasi dominant, yaʼni eng koʻp qayd etiladigan variant boʻlishini prognoz qilmoqda.
Aytish joizki, bu kasallik yengil va asoratsiz, aniqrogʻi OʻRVI va grippga xos belgilar bilan kechmoqda. Faqat ayrim farqli alomatlari bor. Yengil nafas qisishi, davomli yoʻtal, taʼm va hid bilish qobiliyati qisman yoʻqolishi, holsizlik kabi simptomlar shular jumlasidan.
Koronavirusga qarshi qoʻllanib kelinayotgan vaksinalar hozir aniqlanayotgan barcha shtammlar, xususan, XEC mutatsiyasiga nisbatan ham samara beradi va yangi emlash vositasini ishlab chiqarishga ehtiyoj yoʻq, deb ayta olamiz.
Qolaversa, xalqaro tibbiy amaliyotda XEC shtammini yuqtirgan bemorlar asosan bir-ikki haftada toʻliq tuzalib ketishi kuzatilmoqda. Amaldagi davolash protokollari, muolaja usullari kutilganidek natija beryapti.
Hozir Oʻzbekistonda XEC shtammi qayd etilgani yoʻq. Oʻz navbatida, SOVID-19ga qarshi yetarli vaksinalar zaxirasiga egamiz. Shu bois yurtimizda katta miqyosdagi epidemiya va pandemiyalar kuzatilishi ehtimoldan yiroq. Negaki, aholimizda mavjud boʻlgan jamoaviy immunitet mazkur kasallik qoʻzgʻatuvchisini mamlakatimiz hududiga kirib kelib, juda keng koʻlamda tarqalish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Ayni kungacha jahonda SARS-CoV-2 ning salkam 40 mingta mutatsiyasi qayd etilgan. Oʻtgan davrda ulardan faqat 20 ga yaqini kasallik chaqirdi, xolos. Shu maʼnoda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas.
Binobarin, endilikda koronavirus infeksiyasiga ogʻir yoʻqotishlarni keltirib chiqaradigan xavfli patologiya emas, balki OʻRVI va gripp singari mavsumiy kasalliklar singari munosabatda boʻlish vaqti keldi.