JSSTning Yevropa boʻyicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge buning bir nechta sababini keltirib oʻtdi. Jumladan, bahor fasli yaqinlashmoqda. Bu mavsumda odatda kasallanish holatlarining pasayishi kuzatiladi.
Qolaversa, “omikron” avvalgi shtammlarga qaraganda birmuncha yengil va asoratsiz kechyapti. Oʻz navbatida, uni davolash borasida ham yetarlicha tajriba toʻplandi. Eng muhimi, mintaqada aholini ommaviy emlash darajasi kun sayin oshib bormoqda.
Xans Klyuge ana shunday vaziyatda ezgu daʼvat bilan chiqib, rivojlangan mamlakatlarni qolgan davlatlarga vaksina yetkazib berishga chaqirdi. “Bu butun sayyoramizni koronavirusdan himoya qilish uchun eng samarali choradir”, — dedi u.
Aslida, bu chorlov uchun yetarlicha asoslar bor. Chunki hozir 90 ta mamlakatda emlash koʻrsatkichlari 40 foizga ham yetmaydi. 36 davlatda esa fuqarolarning atigi 10 foizi vaksina olgan, xolos. Afrika qitʼasi aholisining 85 foizdan ortigʻi hatto birinchi doza bilan emlanmagan.
Yevropada esa bu borada jiddiy muammolar yoʻq. Masalan, Shvetsiyada 12 yoshdan oshgan aholi qatlamining 83 foizdan ziyodi koronavirusga qarshi ikki bosqichda emlanib boʻlgan. Buster dozada vaksina olganlar esa 50 foizni tashkil etadi.
Shu bois, mamlakatda 9-fevraldan koronavirus cheklovlari bekor qilinib, bar va restoranlarni soat 23:00ga qadar yopish, tashrif buyuruvchilar sonini chegaralash, emlanganlik sertifikatini taqdim etish, jamoat transportida tibbiy niqob taqish talab etilmaydi.
Yangi Zelandiya fevral oyi oxiridan oʻz chegaralarini bosqichma-bosqich ochishini eʼlon qildi. Bu imkoniyatdan avval mamlakat fuqarolari, keyin Avstraliyadan kelgan maxsus viza egalari, soʻngra barcha emlanganlar foydalanishlari mumkin.
Chexiyada esa kelasi haftadan restoran va koʻngilochar maskanlarga tashrif buyurish uchun emlanganlikni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish shart boʻlmaydi.
Ayni paytda Daniya, Norvegiya, Niderlandiya, Avstriya, Shimoliy Irlandiya va boshqa qator Yevropa davlatlarida ham pandemiya bilan bogʻliq cheklovlar bekor qilingan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.