JSST Xitoyda metapnevmovirus tarqalishi bilan bogʻliq holat yuzasidan izoh berdi

    JSSTga bu davlatda noodatiy kasalliklarning epidemiologik koʻtarilishi yuzasidan hech qanday xabar kelib tushmagan. Hududda qayd etilayotgan metapnevmovirus bilan bogʻliq hozirgi holat esa mavsumiy meʼyorda.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ushbu holat yuzasidan oʻz bayonotini eʼlon qildi.

    Unda qayd etilishicha, Xitoy shifoxonalari bemorlar bilan toʻlgani haqidagi xabarlar asossiz. Buni mamlakat rasmiylari ham tasdiqladi.

    Qolaversa, JSSTga bu davlatda noodatiy kasalliklarning epidemiologik koʻtarilishi yuzasidan hech qanday xabar kelib tushmagan. Hududda qayd etilayotgan metapnevmovirus bilan bogʻliq hozirgi holat esa mavsumiy meʼyorda.

    «Hech qanday favqulodda holatlar kuzatilmagan. Roʻyxatga olinayotgan oʻtkir respirator virusli infeksiyalar, shu jumladan, metapnevmovirus darajasi qish mavsumi uchun kutilgan chegaradan oshgani yoʻq», — deyiladi JSST bayonotida.

    Umuman, ayni paytda tashkilot dunyo boʻylab nafas yoʻllari kasalliklari dinamikasini diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda.