Shu bois Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tugʻuruqdan keyingi dastlabki 6 haftada onalar va bolalar salomatligini taʼminlash boʻyicha 63 ta tavsiyani eʼlon qildi.
Quyida ulardan eng muhimlarini keltirib oʻtamiz:
tugʻuruqdan keyingi 24 soat ichida yangi dunyoga kelgan chaqaloqlar va ularning onalariga shifoxonalarda yuqori sifatli tibbiy yordam koʻrsatilishi shart;
dastlabki olti hafta davomida qoʻshimcha ravishda kamida uch marta tugʻuruqdan keyingi tekshiruv oʻtkazilishi kerak;
tugʻuruqdan soʻng ona-bolada shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladigan xavf belgilari aniqlanishi va ularni bartaraf etish choralari koʻrilishi lozim;
tugʻuruqdan keyin ayollarda eng koʻp uchraydigan muammolar, xususan, koʻkrak qafasidagi ogʻriqlarni bartaraf etish va davolash boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatilishi yoki zarur maslahatlar berilishi darkor;
barcha yangi dunyoga kelgan chaqaloqlar koʻrish va eshitish nuqsonlari boʻyicha skriningdan oʻtkazilishi hamda tugʻilish vaqtida emlanishi shart;
yangi tugʻilgan chaqaloqlarni sogʻlom parvarishlash boʻyicha oilalarga yaqindan tibbiy-profilaktik yordam koʻrsatilishi lozim;
ona suti bilan emizishning ahamiyati, goʻdak salomatligini mustahkamlash hamda jismoniy faollik boʻyicha onalarga zarur koʻrsatma va tavsiyalar berilishi kerak;
tugʻuruqdan soʻng kechadigan depressiya holatlarini bartaraf etish uchun, ehtiyoj yuzaga kelsa, onalarni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam va muolaja olishga yoʻnaltirish talab etiladi.
Shuningdek, JSSTning koʻrsatmalarida tugʻuruqdan keyin shifoxonada qolishning minimal davomiyligi batafsil tavsiflangan.
Masalan, tugʻuruqdan keyin sogʻligidan shikoyati yoʻq chaqaloqlar va ularning onalari odatda 48 dan 72 soatgacha shifoxonada olib qolinadi. Keyingi bosqich salomatlik koʻrsatkichlariga muvofiq, 7 kundan 14 kungacha va hatto olti haftagacha uzaytirilishi mumkin.
Biroq sogʻligida jiddiy xavf aniqlansa, ona va bola 6 haftadan soʻng davolanish uchun yoʻnaltirilishi zarur.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati









