Missiya rahbari Ketrin Smolvud jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti delegatsiyasining mamlakatga 10 kunlik tashrifidan soʻng Ashxobodda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida, hukumatga “agar mamlakatda COVID-19 paydo boʻlsa, sogʻliqni saqlash tizimida qanday chora koʻrish kerakligi boʻyicha tavsiyalar berdi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa sektori uchun masʼul boʻlgan Smolvud, mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan saʼy-harakatlarning bir qismi sifatida Turkmanistonda “yaqinda kuchaytirilgan chora-tadbirlarning joriy etilgani”ni eʼtirof etdi.
Smolvudning bildirishicha, uning jamoasi oʻtkir respirator kasalliklar yoki kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan pnevmoniyaga chalingan bemorlar sonining ortishi toʻgʻrisidagi koʻplab xabarlardan voqif va bu uni xavotirga solmoqda.
— Epidemik kuzatuv va sinov tizimlarini kuchaytirishni tavsiya etamiz va koʻplab mamlakatlarda kasallik avj olishining dastlabki bosqichlarida boʻlganidek, namunalarni JSSTning sinov laboratoriyalariga qayta sinovdan oʻtkazish uchun yuborish kerak, — dedi Smolvud.
Missiya rahbari virusni toʻxtatish bu umumiy vazifa ekanini, odamlarga oʻz va yaqinlarining sogʻligʻini himoya qilish imkoniyatini berish juda muhimligini taʼkidladi.
"Koʻrilgan saʼy-harakatlar natijalariga tayanib, oʻtkir respiratorli infeksiyalar va COVID-19 ga shubhali holatlarda keyingi harakatlarni kuchaytirish va sinovni oʻtkazish vaqti keldi, barcha sogʻliqni saqlash muassasalari va tibbiy mutaxassislarni COVID-19 bilan kelgan bemorlarni qabul qilishga tayyorlash, aholini javob harakatlarida qatnashish, koʻp tarmoqli javobga tayyorgarlikni kengaytirish vaqti keldi”, deya xulosa qildi Smolvud.
Rasmiy ravishda Turkmanistonda birorta koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan, ammo OAV kasalxonalarda pnevmoniya alomatlari boʻlgan bemorlar koʻpligi, ularning baʼzilari, shu jumladan, shifokorlar vafot etayotgani haqida xabar bergan.
Shu hafta boshida Sogʻliqni saqlash vazirligi rasmiylari fuqarolarni “oʻpkalarini changdan himoya qilish” uchun tibbiy niqob kiyishga chaqirdi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 6-iyul kuni Turkmanistonga koronavirus bilan bogʻliq vaziyatni oʻrganish uchun keldi. Turkmaniston hukumati missiya aʼzolarining butun mamlakat boʻylab tibbiy muassasalar, sogʻliqni saqlash markazlari, laboratoriyalarga tashrifini uyushtirdi. Shuningdek, 3 kirish joyi, jumladan Turkmanboshidagi dengiz porti nazoratga olindi.