Maʼlumot uchun: 4–6-iyun kunlari JST bosh direktorining yurtimizga ilk tashrifi boʻlib oʻtyapti. Tashrif doirasida Ngozi Okondjo-Iveala Oʻzbekistonning iqtisodiy islohotlari va JSTga aʼzo boʻlishi jarayoniga bagʻishlangan yuqori darajadagi konferensiyada ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Uchrashuv davomida tomonlar oʻrtasida muzokaralar jarayoni, mamlakatimizdagi bugungi iqtisodiy holat, olib borilayotgan tizimli islohotlar va ularning natijalari, mavjud masalalar va kelgusidagi vazifalar batafsil muhokama etildi.
Xususan, davlat moliyasini boshqarish, xizmatlar bozoriga kirish, qishloq xoʻjaligi, raqobat muhitini yaxshilash va xususiylashtirish, tartibga solish yuzasidan soʻnggi yillarda bajarilgan tadbirlarning tashqi savdo liberalizatsiyasini taʼminlashda bevosita va bilvosita ijobiy taʼsirlariga toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar makroiqtisodiy barqarorlik, inson kapitalini rivojlantirish, yashil iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlikning yangi yoʻnalishlarini joriy etish, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish, xizmatlar sohasini rivojlantirish, xususan, IT, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasidagi xizmatlarni rivojlantirish, shuningdek, turizm va sanoat yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida, JST bosh direktori Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini alohida taʼkidladi, deb xabar beradi Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.