Taʼkidlanganidek, boshqarma tomonidan 2021-yil yanvar-sentyabr oylari davomida import qilingan tovarlarga qonunchilikda belgilangan stavkalar asosida jami 762,4 milliard soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari hisoblandi. Ulardan 313,8 milliard soʻm qismiga bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar berilib, qolgan 448,6 milliard soʻmi davlat byudjetiga oʻtkazilishi taʼminlandi.

Viloyatning tashqi savdo aylanmasi 583,1 million AQSH dollar (eksport – 285,4 million AQSH dollar, import - 297,7 million AQSH dollar)dan iborat boʻlib, 2020-yilga nisbatan 118,8 million AQSH dollar yoki 25,6 foizga koʻpaygan.

Eksport qilingan tovarlar hajmi 285,4 million AQSH dollar, oʻtgan yilga nisbatan 66 million AQSH dollarga yoki 30,1 foizga oshgan. Eksport qilingan tovarlarning 48,1 foizi toʻqimachilik mahsulotlari, 36 foizi kalava ip, 13,9 foizi meva-sabzavot mahsulotlari, 2,8 foizi teri mahsulotlari, 2,1 foizi transport va uning ehtiyot qismlari, 1,8 foizi oziq-ovqat mahsulotlaridir.
Eksport jami 378 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan amalga oshirilgan, ularning soni oʻtgan yilga nisbatan 54 taga yoki 16,6 foizga koʻtarilgan. Tovarlar jami 44 ta davlatga, asosan Rossiya, Xitoy, Qirgʻiziston, Turkiya, Qozogʻiston, Tojikistonga chiqarilgan. Yil boshidan hozirgacha qilingan eksport viloyat eksportining 89 foizini tashkil etdi.

Hisobot davrida boshqarmaning chegara bojxona postlari orqali 2179 ta avtotransport vositalari (1089 ta kirish va 1090 ta chiqish) harakatlangan. Shuningdek, 6546 ta temir yoʻl vagonlari hamda 750 ta aviatransport vositalari harakatlangan. “Namangan” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti 18461 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirgan boʻlib, “Xavflarni boshqarish” AAT tomonidan mazkur deklaratsiyalarning 26,2 foizi qizil, 43,1 foizi sariq hamda 30,7 foizi yashil yoʻlaklarga yoʻnaltirilgan.

Matbuot anjumani davomida bojxona qonunbuzilishi holatlarini aniqlash va oldini olish yoʻnalishida bajarilgan ishlar yuzasidan axborot berildi. 2021-yilning boshidan 28-sentyabr kuniga qadar bojxona boshqarmasi tomonidan jami 435 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, ular boʻyicha 26,8 millard soʻmlik tovar-moddiy boyliklar huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olingan.

Anjumanda bojxona sohasiga doir barcha yoʻnalishlarda erishilgan koʻrsatkichlar yillar kesimida aniq tahlillar va misollar bilan koʻrgazmali tarzda OAV xodimlari va ijtimoiy tarmoqlar faollariga yetkazildi. Jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga masʼullar atroflicha javoblar qaytarishdi.

Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.