Vazirlik boshqarma boshligʻining soʻzlariga koʻra, 7-martdagi davlat komissiyasining 10-sonli bayoni 8-ilovasida mavjud taʼlim yoʻnalishlarida test jarayonlari boʻlib oʻtadi. Bu yerda mavjud boʻlmagan yoʻnalishlarning barchasida esa davlat komissiyasining qoʻshimcha qarori bilan kasbiy-ijodiy imtihon orqali qabul amalga oshiriladi.

“Jurnalistika sohasida yoʻnalishlar koʻp, ulardan qaysi biridir ijodiy imtihon orqali, qaysi biridir butunlay test savollari orqali oʻtkaziladi. Demak, yuqoridagi roʻyxatda borlari ijodiy emas, faqat test boʻladi. Bu roʻyxat esa Davlat test markazining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida bor”, — dedi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bosh boshqarmasi boshligʻi Abduvali Xoliqov.

Maʼlumot oʻrnida, davlat komissiyasining 10-son bayoni bilan 2021–2022 oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlangan.