Jurnalistikada maxsus sirtqi bo'limga ehtiyoj bor

    Ta'lim 7 Iyul 2020 2844

    Oliy oʻquv yurtlariga hujjat topshirish jarayoni boshlangandan to shu kunga qadar huzurimizga 10 dan ortiq taniqli jurnalist tashrif buyurdi.

    Bir-biridan bexabar, aniqrogʻi, birovga dardini aytishni istamagan hamkasblarimiz bilan boʻlib oʻtgan suhbatlar bizni gʻoyat hayratlantirdi, ajablantirdi. Biz ularni yaxshi bilmas ekanmiz. Ularning barchasi bilan faqat bir mavzuda suhbatlashdik.

    Mavzu masalasiga qiziqyapsizmi? Qiziqing. Qiziqmasangiz boʻlmaydi!

    Maʼlum boʻlishicha biz bilgan, hurmat qilgan, el-yurt tanigan oʻsha jurnalistlarning hammasi shu paytgacha biror oliy dargohda tahsil olishmabdi. Ochigʻi, ularning oliy maʼlumotli emasligi shaxsan bizning xayolimizga sigʻmadi. Bizni hozir ham shu tuygʻu tark etmadi. Hanuz ularning oliy maʼlumotli emasligini tasavvur qilolmayapmiz. Lekin bu – fakt! Atrofimizdagi 10 dan ortiq jurnalist hujjatsiz. Qoyil qoladigan jihati shundaki, ularning faoliyati hozirgacha biror kishida hujjat masalasida savol tugʻdirmagan.

    Oradan yillar oʻtib turli sabablarga koʻra oliy maʼlumot ololmagan hamkasb jurnalistlarning shogirdlari asta-sekin universitetlarni tamomlab qaytishmoqda. Qarabsizki, ustozda hujjat yoʻq, shogird oliy maʼlumotli.

    Gʻalatimi? Albatta, gʻalati! Ijod olamida yashayotgan va hamon hujjatsiz ibratli faoliyatini davom ettirayotgan ustozlarga mavjud ruhiy bosimni yengib oʻtish oson boʻlmayotgani aniq. Bugun ular bizning atrofimizda 10 nafardan ortiq. Ishonchimiz komilki, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bu kabi qismat egalari oz emas. Biz shunday davrni bosib oʻtdik va bu davrda qancha-qancha isteʼdodlar oliy maʼlumot olish imkoniyatidan bebahra qolishdi. Endi zamon oʻzgardi. Yangi zamon ichra inson eng ulugʻ qadriyat sifatida eʼzozlanmoqda. Oliy oʻquv yurtlarida sirtqi va maxsus sirtqi kabi boʻlimlarning tashkillanishi shu eʼzozning bir koʻrinishidir.

    Yaqinda Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori bilan oʻtkazilgan muloqotga koʻzimiz tushdi. Muloqotda rektor maxsus sirtqi boʻlimga qabul qilinuvchilar uchun moʻljallangan sinov jarayonini kunduzgi va sirtqi boʻlim sinovlari bilan tenglashtirmaslik lozimligini aytdi.

    Rektor yana aytdiki, maxsus sirtqi boʻlimga oʻz sohasi boʻyicha uzoq yillar ishlagan, amaliyotda oʻzini koʻrsatgan, malakali lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan mutaxassislar qabul qilinadi. Bu mutaxassislarga qaysidir fandan test sinovni topshirish talabini qoʻyish adolatsizlikdir. Farzandlari va shogirdlari qatorida test sinovi topshirish ular uchun ruhiy jihatdan mashaqqat va imkonsizdir. Shuning uchun Jismoniy tarbiya va sport universitetida maxsus sirtqi boʻlimga qabul qilinuvchilar uchun alohida sinov talablari ishlab chiqilibdi.

    Yuqoridagilarni yozishdan maqsadimiz ayonlashdi, nazarimizda. Demoqchimizki, tajribali, ammo oliy maʼlumot egasi boʻlmagan jurnalistlar uchun ham maxsus sirtqi boʻlimlar tashkillash payti keldi. Ularning oliy taʼlim olishi jamiyat hayotini yoritish ishlarida katta ijobiy oʻzgarishlar yasaydi. Faqat qabul jarayonida ularning salohiyatini hisobga olib maxsus sinov talablari ishlab chiqilsa va ularga qulaylik, yengillik yaratilsa bas!

    Muhammad Vali