Toshkent tibbiyot akademiyasida press tur o'tkazildi. Ommaviy axborot vositalari vakillarini akademiya prorektori SH.Boymurodov va ilmiy pedagogik jamoa, iqtidorli talabalar kutib oldi.
OAV vakillari kun davomida Toshkent tibbiyot akademiyasi bosh o'quv binosida bo'lib, yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Jurnalistlar taniqli professor-o'qituvchilar va bo'lg'usi shifokorlar bilan turli mavzuda suhbatlashib, tibbiyot ta'limidagi so'nggi o'zgarishlar to'g'risida interv`yular oldi.
Akademiyaning Simulyatsion markazi va 3 ta elektron mikroskop laboratoriyasi bilan tanishib, YAponiyaning eng zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta'minlangan markaz imkoniyatlaridan xabardor bo'ldi.
SHuningdek, OAV vakillari o'quv modullari talabiga muvofiq asosiy tibbiy va maxsus tibbiy ko'nikmalarni shakllantirish imkonini beruvchi trenajyorlar, fantomlar, komp`yuterlashtirilgan simulyatorlar hamda virtul ta'lim texnologiyalarini o'z ichiga olgan raqamli tibbiyot markazi bilan tanishdi.
Jurnalistlarda Toshkent tibbiyot akademiyasi biotibbiyot texnologiyalari markazining so'nggi avlod texnologik imkoniyatlariga asoslangan faoliyati ham katta qiziqish uyg'otdi. Tibbiy genetika, Hujayra texnologiyalari, Immunologiya, elektron mikroskopiya, Farmakotoksikologiya, ekologiya laboratoriya va ilmiy maktablar haqidagi ma'lumotlar taqdim etildi.
Press tur jarayonida Toshkent tibbiyot akademiyasi axborot-resurs markazi ham jurnalistlar e'tiboridan chetda qolmadi. To'liq raqamlashtirilgan, muhimi, kerakli o'quv adabiyotlari, ilmiy majmualar, vaqtli matbuot nashrlari bilan boyitilgan markazning elektron kutubxona platformasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Gulchehra MIRZAEVA,
TTA axborot xizmati rahbari