Jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarur

    Fikr 14 Sentabr 2021 2239

    Besh yil oldin Oʻzbekiston dunyoga ochila boshladi. Transformatsion jarayonlar barcha sohalarga, jumladan, soʻz erkinligi va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatdi.

    Qisqa davr ichida soʻz erkinligi va ochiqlik — jamiyatning muhim qadriyatlaridan biriga aylandi.

    Ayni paytda, yangi voqelikka moslashishga tayyor boʻlmagan ayrim davlat xizmatchilari jurnalistlar faoliyatiga toʻsqinlik qilib, OAVga bosim oʻtkazish kabi “eskicha” yondashuvlarni qoʻllash harakatlari ham uchrayapti.

    Shu sababli, bizning fikrimizcha, ommaviy axborot vositalari faoliyati kafolatlarini kuchaytirish maqsadida quyidagi keyingi bosqich choralarini koʻrish zarur, deb hisoblaymiz:

    Birinchidan, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksga davlat xizmatchilari tomonidan jurnalistlarning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi alohida moddani kiritish, qayta sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikni belgilash kerak;

    Ikkinchidan, jurnalistlarga huquqiy yordam koʻrsatish tizimini yaratish lozim. Masalan, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazida OAV uchun yuridik klinika faoliyat koʻrsatadi. Bunday institutlarni rivojlantirish, media sohasi uchun huquqshunoslar, advokatlarni tayyorlashni keng yoʻlga qoʻyish kerak;

    Uchinchidan, faol islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari ombudsmani institutini joriy etish masalasini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq. Balki, islohotlarning keyingi bosqichlarida, oʻzini oʻzi boshqarish yondashuvlari joriy qilinganidan keyin alohida ombudsmanga ehtiyoj qolmas, lekin bugungi kunda ushbu institut faoliyatga aralashuv holatlari bilan faol shugʻullanishi mumkin boʻlardi.

    Bundan tashqari, “Yuksalish” umummilliy harakati keyingi yildan boshlab ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish holatlarini doimiy qayd qilib boruvchi “Onlayn monitor”ni ishga tushirish, har yil yakunlari boʻyicha davlat organlari reytingini eʼlon qilib borishni rejalashtiryapti.

    Bobur Bekmurodov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi.