Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Bugungi kunda bilimli, tashabbuskor va salohiyatli yosh mutaxassislarni tayyorlashga muhim eʼtibor qaratilayotgan boʻlib, ular orasida fuqarolik davlat xizmatida ishlash istagidagilar koʻpchilikni tashkil qiladi. Xususan, oʻzining shaxsiy fikri, prinsiplari va sohaga yangicha yondashuvi boʻlgan yosh rahbar kadrlarni masʼuliyatli lavozimlarga tayinlanayotgani ham yoshlarga boʻlgan ishonchdan dalolatdir.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri – kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yoʻlga qoʻyishdan iborat. Ushbu tizim asosida kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, maʼnaviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etiladi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish boʻyicha davlat xizmatchilarini muntazam oʻqitish va bilimini baholab borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Fargʻona viloyatida yoshlar bilan tashkil etilgan mazkur tadbir ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Fargʻona viloyati filiali rahbari S.Islomov, Yoshlar agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi M. Gʻaniyevlar 2021-yil-Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshiriladigan muhim vazifalar xususida soʻz yuritdi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining yagona ochiq portali orqali mavjud boʻsh (vakant) lavozimlarga ochiq, shaffof tanlov orqali ishga kirish, lavozim pogʻonalarida oʻsish imkoniyati tushuntirib berildi. Yosh kadrlarni davlat fuqarolik xizmatidagi bilim darajalarini aniqlash va ularni baholash boʻyicha test sinovlari oʻtkazildi. Bunday amaliy jarayon ularni oʻz ustida ishlashga undaydi, albatta.

-Viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlardagi vakant lavozimlarga meritokratiya tamoyili asosida ishga qabul qilish yoʻlga qoʻyilmoqda, - deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Fargʻona viloyati filiali rahbari oʻrinbosari Ahadjon Akbarov.-Bunda inson omili kamaygan boʻlib, axborot texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Ishga qabul qilishda tanish-bilishchilik endi oʻtmaydi. Ayni kunlarda 31 yoshgacha boʻlgan davlat fuqarolik xizmatchilarni yagona milliy bazasi shakllantirish, ularni doimiy ravishda malakasini oshirish hamda bosqichma-bosqich lavozimlarini oʻstirish va ijtimoiy himoya qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Bundan tashqari, masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda viloyatimizda istiqbolli kadrlar zaxirasi seleksiyasi yaratish boʻyicha Fargʻona tajribasini yaratiladi, “Yosh liderlar maktabi” ni 19 ta tuman -shaharlarda har chorakda yosh liderlar “TOR-100” lik reytingi eʼlon qilib boriladi.

Tadbirda yosh kadrlarni tanlash, ularning malakasini oshirish, korrupsiyaga murosasizlik kabi masalalar borasida fikr-mulohazalar bildirildi.