— Darhaqiqat, oxirgi vaqtlarda nafaqat dunyoda, balki yurtimizda ham COVID-19ning ogʻir shaklidan sogʻaygan baʼzi bemorlarda tayanch-harakat tizimi kasalliklari, xususan, suyak yemirilishi, yelka boʻgʻimlari xastaliklari tez-tez uchrayapti, — deydi tibbiyot fanlari doktori Umida Rustamova.

— Albatta bu holat oʻz-oʻzidan yoki besabab boʻlmaydi. Avvalo, shuni aytish kerakki, koronavirus tarqala boshlagan ilk yillarda unga chalingan ogʻir bemorlarning aksariyati dori vositalaridan oʻzboshimchalik bilan foydalandi.

Ayniqsa, xastalikning ogʻir shakliga chalingan baʼzi insonlar antibiotik, gormon preparatlari va tomchi ukollarini uy sharoitida palapartish qoʻllashi oqibatida bemorlar organizmida keyinchalik kalsiy moddasining soʻrilishi va uning suyaklarga yetkazilishining pasayishi bilan bogʻliq holatlar kuzatildi. Bu esa tabiiyki, suyaklarning moʻrtlashishiga olib keladi.

Aslida, kalsiy yetishmovchiligi keng tarqalgan muammo boʻlib, organizmda jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Yaʼni ushbu elementning biologik rolini ortiqcha baholashga hojat yoʻq.

Kalsiy makronutriyent boʻlib (kattalarda oʻrtacha 2,2 kg. gacha), uning deyarli barcha zaxiralari suyak toʻqimasida toʻplangan. Faqat 1 foizigina qon va boshqa biologik suyuqliklarda mavjud. Biroq ana shu kichik qiymat doimiy boʻlishi lozim.

Aks holda, tanada kalsiy almashinuvi buziladi va organizm oʻzi uchun zarur boʻlgan elementni suyaklardan olishni boshlaydi.

Ushbu moddaning yetishmovchiligi bilan tanada metobolik jarayonlar izdan chiqadi. Suyaklar, tishlar, soch va tirnoqlar holatiga salbiy taʼsir etadi. Mushaklar, asab va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari rivojlanadi, immunitet zaiflashadi.

Xususan:

- holsizlik va uyqu buzilishi;

- koʻp terlash;

- yurak urishining buzilishi;

- tez-tez va kuchli bosh aylanishi;

- soch toʻkilishi;

- ishtaha pasayishi;

- mushaklar, boʻgʻimlar va suyaklarda ogʻriqlar kuzatiladi.

Shuningdek, badanda tez-tez titroq yuz beradi. Qolaversa, bolalarda oʻsishning sekinlashuvi ham kalsiy yetishmovchiligidan darak beradi. Ayniqsa, bu holat homiladorlik asoratlari xavfini oshiradi. Shu sababli JSST boʻlgʻusi onalarga ushbu elementni qoʻshimcha ravishda olishni tavsiya qiladi.

Mutaxassis bilan bu borada suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.