— “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla” yili munosabati bilan yangi loyihalarni hayotga tatbiq etyapmiz, — deydi fondning Toshkent viloyat bo'limi boshqaruvi raisi Dilshod Shoismanov. — Viloyatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan mazkur loyihamiz ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Parkent tumani “Kumushkon” mahallasida joylashgan “Hazrati Ali Buva” ziyoratgohida amalga oshirilgan bugungi tashrif vatandoshlarimizda, ayniqsa, yosh avlod vakillarida vatanga bo'lgan muhabbat ruhini yanada yuksaltirishi shubhasiz. Ularning ota-bobolarimizga munosib avlod bo'lib voyaga etishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta'kidlash kerak, fond viloyat bo'limi joriy yildan boshlab bir nechta yangi madaniy-ma'rifiy loyihalarga qo'l urdi. Jumladan, joylarda umumxalq Navro'z bayrami munosabati bilan keksa otaxon va onaxonlar ishtirokida sumalak sayllari tashkil etilmoqda. Madaniy tadbirlarda yakka-yolg'iz keksalar, noironligi bor oilalar va ikkinchi jihon urushi qatnashchilari holidan xabar olinmoqda.
“Mahalla” fondi
matbuot xizmati