Prezidentning “2026–2030-yillarda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–331-son, 03.11.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2026–2030-yillarda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarni davolash va oldini olishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul davolanadigan kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklar turini 5 tadan 10 taga yetkazish;
- ushbu kasalliklarga chalingan bolalarning dori vositalari, maxsus oziq-ovqatlar va tibbiy jihozlar bilan taʼminlanish darajasini 95 foizdan 99 foizgacha yetkazish;
- kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalar salomatligini muhofaza qilish va tiklash.
2026-yil 1-yanvardan ushbu turdagi kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan bemorlar bepul tibbiy kuzatuvda boʻladi va davolanish ishlari davom ettiriladi.