— Muddatidan avval tugʻilgan chaqaloqlarni parvarishlashda qanday usullardan foydalaniladi?

— Bugungi kunda zamonaviy tibbiyotda keng qoʻllanilayotgani “kenguru” usulidir. Mazkur usul bola tana haroratini bir meʼyorda ushlab turishda juda muhim. Bunda goʻdak ona yoki otasining koʻkragiga qoʻyiladi. Kattalarning barqaror tana harorati yangi tugʻilgan chaqaloqning tana haroratini nazorat qilishga yordam beradi. Uni bajarish vaqti oʻrtacha 1-3 soat davom etadi.

Shu bilan birga, “kenguru” usulida bola yaxshi uxlaydi. Shu bois uning energiyasi tana funksiyalarini yaxshilashga yoʻnaltiriladi. Natijada chaqaloq tezroq vazn yigʻadi.

Qolaversa, kam vaznli goʻdakning nafas olish tizimidagi muammolarni bartaraf etish, yurak urishini meʼyorga keltirish, immun tizimini mustahkamlashda ham bu usul yaxshi samara beradi.

Bir soʻz bilan aytganda bolaning terisi ota-onasining tanasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatishi oʻrtada fiziologik va psixologik yaqinlikni taʼminlaydi.

— Bunday chaqaloqlarni ona suti bilan oziqlantirsa boʻladimi?

— Erta tugʻilgan va kam vaznli chaqaloqlarni ona suti bilan oziqlantirish bola salomatligida muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, ona suti infeksiya, oshqozon buzilishi va rivojlanishi muammolarini kamaytirishga katta yordam beradi.

Lekin kam vaznli bolalarda oshqozon hajmi kichik, meʼda-ichak tizimi toʻliq yetilmagan va soʻrish refleksi sust boʻlgani bois ular tez-tez va kam miqdorda maxsus zont orqali oziqlantiriladi. Sut miqdori esa belgilangan meʼyorga yetguniga qadar asta-sekin koʻpaytirib boriladi.

— Kam vaznli bolalarni emlash mumkinmi?

— Maʼlumki, vaksinatsiya bolalarni yuqumli kasalliklardan himoya qiluvchi eng yaxshi vosita sanaladi. Biroq agar bola xastalikka chalingan yoki surunkali kasalliklar bilan ogʻrisa, vaqtincha tibbiy cheklov beriladi.

Shu bilan birga, kichik vaznli chaqaloqlarni emlashda ham ayrim cheklovlar belgilangan. Boisi, bunday goʻdaklarning immun tizimi yaxshi rivojlanmagan boʻlib, immunitet ishlab chiqarish vaksinatsiyaga yetarlicha javob bera olmaydi.

Qachonki, bolaning vazni 1800 grammga yetganda immunolog bilan maslahatlashgan holda milliy emlash kalendaridagi vaksinalarni olishga ruxsat beriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

matbuot xizmati