SSV Matbuot xizmati Toshkent shahar Perinatal markazining neonatal xizmati boʻyicha direktor oʻrinbosari Malika Usmonova bilan kam vaznli bolalar parvarishida eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan jihatlar xususida suhbatlashdi.
— Qanday chaqaloqlar kam vaznli hisoblanadi?
— Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti agar bola homiladorlikning 22-haftasida tugʻilib, unda nafas, yurak urishi, kindik pulsatsiyasi yoki mushaklar harakatidan biri kuzatilsa, ogʻirligi 500 gramm, boʻy uzunligi 25 santimetr boʻlsa, tirik tugʻilgan deb atashni tavsiya qiladi, — deydi M. Usmonova. — Kam vazn bilan tugʻilganlik uchta darajaga boʻlinadi.
Bular:
Kam vaznli – 2500-1500 gramm.
Oʻrta kam vaznli – 1499-1000 gramm.
Juda kam vaznli – 999-500 gramm.
— Kichik vaznli bolaning koʻrinishi, tana aʼzolari sogʻlom tugʻilgan chaqaloqnikidan farq qiladimi?
— Albatta. Garchi, bunday goʻdaklarning tana aʼzolari shakllangan boʻlsa-da, funksional jihatdan ancha zaif va oʻz vazifasini toʻliq bajarishga qodir boʻlmaydi.
Yuqori nafas yoʻllari nozik boʻlib, koʻkrak qafasi nafas olishda kam qatnashadi. Nafas olishi tez va notekis, pulsi sust, meʼda-ichak va nerv tizimlari funksional rivojlanmagan, tanasi esa haroratni bir meʼyorda ushlab tura olmaydi.
Tashqi muhitdagi kattalar uchun arzimas boʻlgan oʻzgarishlar bunday chaqaloqlar organizmida jiddiy shikastlanishlarga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois ularni parvarishlash zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda shifokorlardan yuksak malaka, fidoyilik, ota-onalardan esa sabr-toqat talab etadi.
— Bunday chaqaloqlar qanday parvarishlanadi?
— Homiladorlik muddati qancha kam boʻlsa, bolaning vazni ham shuncha oz boʻladi. Demak, rivojlanishning shu davrlari bachadon ichida tabiiy kechmasdan, chaqaloq chala tugʻiladi. Bunday goʻdaklarning aʼzolari shakllangan boʻlsa-da, funksional yetilmagan hisoblanadi.
Shu sababli, ularni parvarishlashning asosiy prinsiplari — tana harorati nazorati, nafas yetishmovchiligini davolash, ovqatlantirish, infeksiyadan himoya va albatta, mehr bilan ona qorni sharoitiga yaqin holat yaratishdan iborat. Tabiiyki, bu chora-tadbirlar jiddiy muolajalar hisoblanib, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni talab etadi.
Chunki bunday chaqaloqlar uchun maxsus reanimatsiya oʻrinlari, issiq saqlaydigan inkubator, isitgich stollari, nafas olish uchun yordam beradigan apparatlar, zamonaviy neonatal jihozlar zarur. Shu bilan birga, tibbiy xodimlarning bilim darajasi ham muhim.
Bunday chaqaloqlarning parvarishi zarur koʻnikmalarga ega mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Dastlab bolalar jonlantirish boʻlimida holatiga qarab yotqiziladi. Keyin parvarish boʻlimiga oʻtkaziladi.
Albatta bu jarayonlarda ota-onalarning ham alohida oʻrni bor. Ayniqsa, onalar birinchi navbatda shaxsiy gigiyena va farzandini parvarishlashda sanitariya qoidalariga qatʼiy amal qilishi zarur. Agar bolaning tana harorati 36,50Sdan tushib ketsa, “teriga-teri” kontaktini oʻtkazish, chaqaloq tagliklari quruqligiga eʼtibor qaratish, eng muhimi, uning muammolariga sabr-toqatli boʻlishi kerak.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati