“Demak, ishimiz bor ekan, charchayapmiz, shukr”, deyishni unutib qoʻyamiz. Vaholanki, atrofimizda ish izlab yurganlar, mehnat qilishga ishtiyoqi boʻla turib, imkoniyati cheklanganlar qancha.
Har gal maqola yozish uchun shahardan tashqariga chiqib, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoki ishlashga imkoniyati cheklangan odamlar bilan suhbatlashganimda shukr qilib yashash qiymatini yanada yaxshiroq his qilaman. Buni menga oʻsha odamlarning hayotidan rozilik hissi, ularga berilayotgan yordamlardan minnatdorlik va yaxshiroq yashashga boʻlgan intilishi anglatadi.
Har qanday jamiyatda kambagʻal qatlam mavjud. Ularning baʼzilari hayotiy sinovlar sabab shu holga tushgan boʻlsa, boshqalari nogironligi tufayli koʻproq daromad topish imkoniyatidan mahrum. Ammo ular ham shu jamiyatning teng huquqli aʼzosi, mamlakat fuqarolari. Doim taʼkidlab kelingan bu jumlaning amaldagi ifodasi esa yurtimizda keyingi oʻn yilda oʻz isbotini topmoqda. Yaʼni har bir fuqaroga berilayotgan eʼtibordan ogʻir ahvolga tushib qolgan, nogironligi boʻlgan shaxslar ham chetda qolmayapti. Gap faqat ularga berilayotgan ijtimoiy koʻmak, bir martalik yordamlar emas, balki ularni jamiyatga qoʻshish, boshqa fuqarolar kabi teng sharoitlarda yashashi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotgani haqida boryapti. Qiziqishlaridan kelib chiqib, oʻqishga, ishga yoʻnaltirilyapti, bandligi taʼminlanyapti. Bu davlatimiz oʻz oldiga qoʻygan asosiy vazifa — kambagʻallikka butunlay barham berish harakatlarining bir qismidir.
Bu borada mamlakatimizda qator aniq vazifalar belgilangan. Xususan, joriy yilda 1 million nafar aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobarga oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizga tushirish maqsad qilingan. Bunda mahallalar asosiy drayverga aylanadi. Joriy yilning 23-yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida shular haqida soʻz bordi. Vazifalar aniq, ularni amalga oshirish choralari ham belgilab berilgan.
Bir oilani kambagʻallikdan chiqarish koʻpchilik oʻylagani kabi oson ish emas. Ayniqsa, unda nogironligi boʻlgan shaxslar istiqomat qilsa. Bu masalani yanada jiddiylashtiradi. Boisi, imkoniyati cheklangan, bundan ruhiy tushkunlikka tushgan insonga, avvalo, psixologik koʻmak, alohida eʼtibor zarur. Soʻng uning qiziqishlarini aniqlashtirib, shunga koʻra biror ishga yoʻnaltirish mumkin. Bandligini taʼminlash ham ixtiyoriy masala, baʼzilar imkoniyati sabab ishlashni istamasligi tabiiy. Shunda ham oʻzini yolgʻiz, keraksiz his qilmasligi uchun imkon qadar biror mashgʻulotga yoʻnaltirish choralari koʻriladi. Oilasining boshqa aʼzolari ham shu tarzda biror ishga jalb etiladi.
Yaʼni hozir yurtimizda oʻta ogʻir ahvolga tushib qolgan, yakka-yolgʻiz keksalar, nogironligi bor oilalar bilan shunday tizimli ishlanyapti. Bunga 2024-yildan boshlab har bir mahallada joriy etilgan ijtimoiy xodimlar masʼul etib belgilangan. Ular oʻzlariga biriktirilgan xonadonlarda doimiy monitoring oʻtkazib, har bir oila bilan muntazam ishlamoqda. “Mahalla yettiligi”ni ham hisobga olsak, birgina mahallaning oʻzida fuqarolar bilan tizimli ishlash, muammolarini hal etish, oʻqishga, ishga, tadbirkorlikka yoʻnaltirish uchun qancha xodim mehnat qilayotganini tasavvur qilavering.
Ammo ushbu islohot orqali raqamlarni hisoblash emas, balki aholining chin maʼnodagi ijtimoiy himoyasini taʼminlash, fuqarolarning kam taʼminlangan, yordamga muhtoj qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlab, farovonligini oshirish maqsad qilingan. Koʻrinayotgan natija, oʻzgarishlar esa xalqparvarlik siyosatining yorqin namunasidir. Mamlakatimizda ijtimoiy himoya masalasi bugun birinchi galdagi vazifalar qatorida koʻrilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyili amaliy mazmun kasb etib, xalqchil islohotga aylandi.
Raqamlar emas, natija gapirsin
Odatdagidek fotograf hamkasbim bilan erta tongdan yoʻlga otlandik. Bu galgi manzilimiz Yuqori Chirchiq tumani. Chirchiq daryosi va Sirdaryo oʻrtasida joylashgan bu tuman Toshkent viloyatining eng chekka hududlaridan biri. Yaqin yillargacha aholisi faqat dehqonchilik qilib, paxta-gʻalla terimidan daromad koʻrib kelgan. 2018-yilda tumanda ilk paxta-toʻqimachilik klasteri ishga tushishi ortidan 2 mingdan ortiq kishining bandligi taʼminlandi. Keyinroq hududda birin-ketin paxta-gʻalla, sholichilik, bogʻdorchilik va baliqchilik klasterlari paydo boʻldi. Tumanga sanoat kirib kelib, ishlab chiqarish rivojlandi. Endi odamlar korxonalarda mehnat qilib, daromad topyapti.
Bunday korxonalar koʻpligi “mahalla yettiligi” uchun ham ayni muddao. Boisi, ular oilalarning ijtimoiy ahvolini oʻrganish asnosida ishsiz aholi bandligini taʼminlashda shunday korxonalar bilan hamkorlik qiladi. Odamlar uchun olisga ketmay, oʻz hududida ishlab, oilasiga daromad olib kirish ancha qulay. Asosiysi, tadbirkorlar imkoniyati cheklangan, nogironligi bor fuqarolarni ham faol ishga qabul qilmoqda. Buning uchun ularga qoʻshimcha imtiyozlar berilyapti.
Umuman, bugun juda koʻp joylarda imkoniyati cheklangan insonlar mehnat qilayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Bu ularga jamiyatning teng huquqli aʼzosi sifatida barcha sharoitlar yaratib berilayotganidan dalolat. Yaʼni ular oʻz-oʻzidan ishga joylashib qolmayapti. Mahalladagi ijtimoiy xodim ular bilan tizimli ishlab, avval oʻqish, keyin ishlash uchun yoʻnaltiryapti. Sogʻligʻini tiklashi, tushkunlikdan chiqib, jamiyatga qoʻshilishi uchun zarur koʻmaklar berilyapti. Bizga kun davomida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Miraziz Mirsultonov hamrohlik qildi. Yoʻl-yoʻlakay maʼlumotlar bilan tanishtirdi. Aytishicha, 2025-yil yanvar-noyabr oyi davomida Toshkent viloyatida 116 ming oila kambagʻallik soʻrovnomasidan oʻtkazilgan. Soʻrovnoma natijalariga koʻra, 43 ming 756 oila “Kambagʻal oilalar reestri”ga kiritilgan. Mutasaddi ularga berilayotgan yordamlar haqida ham gapirdi, ammo bizga koʻproq amaliy natija muhim. Hatto bular haqida eshitib, “Imkoniyati cheklangan bir necha kishiga odatdagidek bir-ikki marta moddiy yordam berilib, koʻngli koʻtarilgan boʻlsa kerak”, degan xayolga bordim. Ammo ilk qahramonimni koʻrib, suhbatlashishim bilanoq fikrim oʻzgardi.
Tumandagi Shodlik mahallasida yashovchi Manzura Ergasheva bilan “Barkamol avlod” bolalar markazida koʻrishdik. Bir yildan buyon shu yerda toʻgarak rahbari sifatida bolalarga hunar oʻrgatarkan. Imkoniyati cheklangani sabab yurishga bir oz qiynalsa-da, markaz binosiga oʻziga boʻlgan ishonch, qatʼiyat bilan kirib keldi. Gapirish ohangi ancha dadil. Bir paytlar ich-etini yegan tushkunlikdan asar yoʻq, balki buni sezdirmas. Oʻzining aytishicha, ishga joylashganidan keyin tushkunlikdan chiqib, umid bilan yashay boshlagan. Hozir sevimli ishi muammolarini unutishga, yangi maqsadlar bilan yashashiga koʻmak beryapti. Ham harakat-tayanch, ham koʻrish qobiliyatidagi nuqsoniga qaramay, koʻzlarida yonib turgan shijoati odamni hayratga soladi.
— Mendagi pay-toʻqimalar kasalligi 18 yoshimda notoʻgʻri davolash oqibatida orttirilgan, — deydi Manzura opa. — Mana, 20 yildirki, shu kasallik bilan yashayapman. Rahmatli otam sogʻayib ketishimga umid qilib, nogironlik roʻyxatiga kiritmagan, guruh ham belgilanmagan. Uyimizga ijtimoiy xodim kelib, ahvolni oʻrgangach, birinchi navbatda, nogironlik guruhi belgilandi. Elektron aravacha olib berishdi. Onam, akam va uning oilasi bilan bir uyda yashaymiz. Mahallamizda Nargiza Ahmedova ijtimoiy xodim sifatida ish boshlagach, sharoitimizni oʻrganib, bugungacha nima yordam kerak boʻlsa, koʻmaklashib kelyapti. Uning tavsiyasi bilan tumandagi monomarkazda bepul oʻqib, hunarimni yanada kengroq oʻrgandim. Koʻproq turdagi mahsulotlar yasab, onlayn sotuvni yoʻlga qoʻydim. 2024-yili uyimizga hokimning oʻzi kelib, qanday yordam kerakligini soʻraganida, sotuvni kengaytirishga ehtiyojim borligini aytgandim, eshigimiz oldiga koʻchma doʻkon olib kelib berishdi. Mutlaqo bepul foydalanyapman. Sotuv ham, daromad ham yomon emas. Keyinroq “Barkamol avlod” bolalar markaziga ishga taklif qilishdi. Imkoniyatim cheklanganiga qaramay, ehtiyojlarim uchun oʻzim pul topayotganimdan quvonaman. Asosiysi, shu ishim sabab katta tushkunlikdan chiqdim, hayotga boʻlgan umidim oshdi. Shu yoʻnalishda ishimni kengaytirib, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganman.
Mahalladagi ijtimoiy xodim zimmasiga yuklatilgan vazifa ham shu — ogʻir ahvolga tushib qolgan, imkoniyati cheklangan, ehtiyojmand oilalarning har bir muammosini oʻrganib, ular bilan tizimli ishlash, kompleks xizmatlar koʻrsatishdan iborat. “Shodlik” MFY ijtimoiy xodimi Nargiza Ahmedova oʻnlab ana shunday fuqarolar bilan ishlab kelmoqda. Ularga tibbiy yordam xizmatlaridan tortib, qiziqishiga koʻra sport mashgʻulotlari, oʻqishga va ishga joylash harakatlarini olib boradi.
Manzura opa Ergashevaning salomatligi ham ijtimoiy xodimning doimiy eʼtibori markazida. Sal avvalroq oʻzi va onasi tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilib, sogʻlomlashtirildi. Homiylar jalb qilinib, oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmon xarajatlari uchun moddiy yordam koʻrsatib turiladi. Boisi, qahramonimiz oʻzi ishlab, daromad topayotganiga qaramay, baʼzan juda qimmatligi sabab dori-darmonlariga yetkazolmay qoladi. Kasalligi esa doimiy davolanishni talab qiladi. Undagi pay-toʻqimalar xastaligi asorati koʻziga ham taʼsir koʻrsatyapti. Shuning ortidan bir yildan koʻproq vaqt koʻrolmay qolgani, operatsiyadan keyin koʻz nuri qisman qaytib, hozir 5 foiz koʻrishini aytdi. Afsuski, bu bedavo dard boʻlib, borgan sari qolgan foiz ham yoʻqolib borar ekan.
Bular haqida eshityapman-u, koʻzimda yosh qalqiyapti, ammo uning qatʼiyatini koʻrib, oʻzimni tiyib turibman. Bilmadim, bu insonga achinganimdanmi yoki biz muammo, sinov deb noliydiganimiz bularning oldida koʻzga koʻrinmas narsa ekani uchunmi, ichimni nimadir tirnadi. Manzura opaning oʻzi esa hech nolimayapti, balki ichidan zil ketayotgandir, ammo bugungi kuniga shukr qilyapti. “Shunisiga ham shukr”, deydi qayta-qayta.
— Inson oldinga intilib yashashi kerak. Kasal ekanman deb yotsa, yotaveradi, — deydi chin maʼnodagi qahramonim Manzura opa Ergasheva. — Eng muhimi, tushkunlikka tushmaslik zarur. Baʼzi kishilar kichik muammoga uchrasa, darrov tushkun boʻlib qoladi, hayotdan umidini uzadi. Ammo odam harakat qilsa, oʻzi qiziqqan mashgʻulot bilan shugʻullansa, sevimli kasbida ishlasa, dardi ham unutiladi. Faqat oldinga intilish kerak. Hamma narsa oʻzimizga bogʻliq. Lekin atrofda harakatimizga yarasha yoki bizni harakatga undaydigan qoʻllov ham boʻlishi kerak. Avvallari imkoniyati cheklangan, nogironligi bor shaxslar deyarli eʼtiborsiz edi. Goʻyoki nogironlik ularning bir umr uyda kimningdir parvarishiga muhtoj holda yashashi uchun hukm edi. Bugun esa bizga koʻrsatilayotgan eʼtibor, munosabatdan oʻzimni sogʻlom insondek his qilaman. Ana shu ishonch bizga ruhiy quvvat beradi.
Baraka — mehnatda
Bir oilani bilardim. Turmush oʻrtogʻidan beva qolgan ayol toʻrt qiz, bir oʻgʻilni yolgʻiz boshi bilan voyaga yetkazdi. Bir qizi sogʻlom, qolganlari gapirish va eshitishida nuqson bilan tugʻilgan. Qarindoshlar oila qurgani bunga sabab. Farzandlari mendan bir necha yosh ulugʻroq boʻlgani bois, ularning ulgʻayganini koʻrib katta boʻldim. Ayolning arzimagan oylik maoshi va bolalarga beriladigan juda kam summadagi nogironlik nafaqasiga kun koʻrishdi. Ayol nogironlik nafaqasini rasmiylashtirish uchun ham doim qayergadir yugurar, bir muddat farzandlarini shifoxonaga yotqizib, har gal imkoniyati cheklanganini tasdiqlatib olishiga toʻgʻri kelardi. Shifoxonada davolanish bepul, ammo oʻziga yarasha xarajatlari boʻlardi. Farzandlari katta boʻlib ham biror joyda oʻqiyolmadi, ish ham topolmadi. Qizlari-ku, turmushga chiqib ketdi. Ammo oʻgʻli ishlay olmadi. Koʻz nuri nihoyatda xira ekani ishlashiga pand berardi. Xullas, oila umr boʻyi oʻz muammolari bilan andarmon boʻlib yashadi. Ayol olamdan oʻtgunicha ham farzandlarining roʻshnolikka chiqqanini koʻrmadi...
Manzura opa bilan suhbatlashib, negadir shu yodimga tushdi. Afsuski, jamiyatimizda ayrim saxovatpesha insonlarni aytmaganda, koʻpchiligimiz nogironligi bor shaxslar turmushiga befarqmiz. Boylar ham bir necha martadan keyin yordam qoʻlini uzadi. Biz esa oʻzimizdan ortmaymiz. Eng beminnat koʻmakchi esa baribir davlatimiz ekan. Buni keyingi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ogʻir ahvoldagi, nogironligi bor insonlarni faol hayotga jalb qilish, kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar misolida koʻryapmiz. Umuman, har birimizning taqdirimiz, turmush sharoitimiz bugun davlatimiz eʼtiborida ekanini koʻrmaslik, his etmaslikning iloji yoʻq.
Yuqori Chirchiq tumanidagi “Jumagʻuli” MFYda yashovchi Gulmira Yaxshiboyeva xonadoniga kirishimiz bilan bunga yana bir karra amin boʻldim. Ayolning turmush oʻrtogʻi Umid aka 2-guruh nogironligi boʻlgan shaxs sifatida roʻyxatda turadi. Bir vaqtlar notoʻgʻri muolaja sabab tanasining bir tomoni falajlanib qolgan. Hozir ancha yaxshi harakatlanadi, ammo ogʻir ish qila olmaydi. Doim kunlik yengil ishlarga chiqib yurgan. Biroq daromadi yaxshi emas, oʻsha ishlarni topish ham muammo boʻlgan. Nogironlik nafaqasi esa dori-darmonidan ortmaydi. Shu bois, qattiq tushkunlikka tushib qolgan. 2024-yili mahalladagi ijtimoiy xodim oilaning ahvolini oʻrgangach, erkakka “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida qorovul boʻlib ishlash taklif etildi. Shundan buyon ana shu joyda ishlab kelyapti.
— Umrimning oxirigacha ishsiz, qiyinchilikda yashab oʻtamanmi degan umidsizlikka tushib qolgandim, — deydi Umid Yaxshiboyev. — Mahallada kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodim menga ish taklif qilib, umidimni qayta uygʻotdi. Maʼqul kelgani, sogʻligʻim koʻtargani uchun bajonidil rozi boʻldim. Ishga kirish nafaqat oylik maosh olish, balki masʼuliyat ham ekan. Oilam, yaqinlarim oldidagi masʼuliyat. Endi farzandlarim maktabda “otam ishsiz”, deb boshini egmaydi. Ishga kirgach, tushuncham ham oʻzgardi. Avvallari siqilganimdan otamga, ayolimga koʻp qattiq gapirardim. Hozir jamiyatga qoʻshildim, yangi maqsadlarim paydo boʻldi. Xonadonimda chorva mollarimiz bor, ularni koʻpaytirib, qassoblik ham qilmoqchiman. Uyimizning oldidan doʻkon ochib, oziq-ovqat mahsulotlari sotish niyatimiz bor. Kattagina tomorqamizda sabzavot yetishtiramiz, shuni rivojlantirib, doʻkonda sotishni oʻylayapmiz.
Shularni gapira turib, Umid aka hayotidan nolimasligini aytdi. Shukr qilish yaxshi, ammo bu amal-taqal yashashga rozilik evaziga boʻlmasligi kerak. Birdaniga “Chunki siz oldin ham nolimagansiz, tabiatingiz shunaqa. Bu yaxshi. Lekin insonmiz, yaxshi yashagimiz keladi. Siz oʻz hayotingizda berilayotgan yordamlar, eʼtiborni qanchalik sezyapsiz oʻzi?” degan savolni berib yubordim. Aka ham kulibgina, ammo ishonch bilan “Toʻgʻri, avval ham nolimaganman, shukr qilib yashaganmiz. Lekin nihoyatda tushkun holatda boʻlganman. Ijtimoiy ahvolim, doimiy ishim va daromadim yoʻqligidan ezilganman. Menga berilgan eng katta yordam — eʼtibor sabab ana shu tushkunlikdan chiqqanim boʻldi. Bilaman, oylik maoshim kam ekaniga shama qilyapsiz. Toʻgʻri, bu oylik bilan boyib ketmaymiz. Ammo mana shu ish sabab hayotga qarashim butunlay oʻzgardi, umidim, maqsadlarim kattalashdi. Yashashimiz yomon emas, biroq yanada yaxshiroq yashashga ishonch paydo boʻldi. Qolganiga mehnat qilsak, erishamiz”, deb javob berdi.
Men kamligiga shama qilganim — oylik maoshdan jamgʻarib, oila oʻziga skuter xarid qilgan ekan. Qolaversa, imtiyozli kredit asosida yer haydaydigan motokultivator ham berilgan. Akaning oʻzi boʻsh vaqtlarida yoki oʻgʻli ana shu texnika yordamida qoʻshimcha daromad topadi. Yaqinda isitish mavsumi uchun bir martalik moddiy yordam sifatida 1 million soʻm pul ham berilganini aytishdi. Oila qishning bir kamini toʻldirganidan xursand.
Hozir bir oz nolisa kerak degan oʻy bilan qahramonimizning ayoli — Gulmira Yaxshiboyeva bilan ham suhbatlashishga oshiqdim. Ammo ayolning gaplari meni yanada hayron qoldirdi: “Bu xonadonga kelin boʻlib tushganimga 13 yil boʻldi. Yangi kelinlik paytim turmush oʻrtogʻimni har kuni ishga kuzatgim kelardi. Bugun ana shu orzumga yetdim, shukr! Qolgan niyatlarimizga ham asta-sekin yetyapmiz. Farzandlarimni katta qilib olsam, oʻzim ham monomarkazda oʻqib, ishlamoqchiman”.
Uzatilgan qoʻl — davlatniki!
Inson boshiga qachon, qanday qiyinchilik tushishini bilmaydi. Ammo ana shu qiyinchilikni yengib oʻtish uchun sabr-matonatning oʻzi kamlik qiladigandek. Shunday vaqtlarda sizga uzatiladigan qoʻl, kichik boʻlsa-da, qoʻllab-quvvatlov borligi odamga kuch beradi. Agar bu yordamni davlat berayotgan boʻlsa, mahalla hol-ahvol soʻrab tursa, oilangiz shu yurtga kerakligini his qilar ekansiz...
Bular mening emas, Yuqori Chirchiq tumanidagi Tinchlik mahallasida yashovchi Komila Mansurovaning soʻzlari. Ayol bilan uzoq suhbatlashdik. Haqiqatan, hayot kutilmagan zarbalar, imtihonlarga toʻla. Komila opa boshdan oʻtkazganlarini aytyapti-yu, men xuddi film koʻrayotgandekman. Faqat bu filmning qahramoni yonimda oʻtiribdi.
— Oʻzimizga toʻq, doimiy daromadga ega oila edik. 2022-yilda kutilmaganda boshimizga ogʻir sinov tushdi, — deydi Komila opa. — Qizimiz ikkinchi farzandiga tugʻuruq vaqtida juda ogʻir kasallikka chalindi. Oʻzi ham, farzandi ham miya bilan bogʻliq kasallik sabab toʻshakka mixlanib qoldi. Uni davolab, oyoqqa turgʻazish uchun yiqqan-terganimiz, bor-budimizni sotishga majbur boʻldik. Shunchalikka yetdikki, yeyishga non topolmay qoldik. Juda qattiq tushkunlikka tushdim. Ammo mahallaga yordam soʻrab chiqmadik, oʻzlari uyma-uy yurib, oʻrganishlar davomida ahvolimizdan xabar topdi. Ishonsangiz, shundan buyon hamma masalada yonimizda turishibdi. Butun mahalla, ijtimoiy xodim, sogʻliqni saqlash xodimlari doim yonimizda.
Qizim va nabiramni davolatishda juda katta yordam berishdi. Toshkentdagi shifokorlar tumanimiz bilan bogʻlangan holda ishladi. Qizimni vaqtida shifoxonalarga olib borishimizga ham mahalla sabab. Qarindosh-urugʻlar doim yonimizda turadi-ku, ammo mahalla koʻmagi boshqacha ekan. Shifoxonada yonimda onam, ukalarim turibdi, lekin mahalladan qoʻngʻiroq qilib, “Opa, sizga yana biror yordam kerak emasmi?” deyishganida, shifokorlar bilan hokim yoki mahalla raisi gaplashganida, katta yordamni his qildim.
Moddiy ahvolimizni yaxshilashimizda ham ijtimoiy xodim doim yonimizda boʻladi. Turmush oʻrtogʻimga imtiyozli kredit asosida motoroller berilgan, shuning orqasidan daromad topyapti. Oʻzim oldindan tikuvchilik qilardim, qizim va nabiramning kasalligi sabab sexda ishlolmadim. Monomarkazda oʻqib, oʻgʻil-qizlarga dars berishimni tavsiya qilishdi. Hozir tumandagi “Barkamol avlod” bolalar markazida oʻgʻil-qizlarni hunarmandlik va qoʻl mehnatiga oʻrgatyapman. Mahallaning ijtimoiy xodimi yaqinda menga boshqa ish taklif qildi. Mahalla tomonidan 30 sotix yer ajratilyapti. U yerda yiliga ikki marta hosil olishni rejalashtiryapmiz. Ochigʻi, qancha koʻp harakat qilganimiz sari mahalla bizga shuncha yordam beryapti.
Umuman, oilamiz oʻta ogʻir kunlarni boshdan oʻtkazdi va mahalla yordamida qiyinchiliklardan chiqib kelyapmiz. Moliyaviy ahvolimizni deyarli oʻnglab oldik. Hozir hammaning ishi bor. Oʻgʻlim mebel yoʻnalishida ishlaydi. Nogiron qizim ham tibbiyot yoʻnalishida oʻqigan, hozir malaka oshirish kursida tahsil olyapti, ishga joylashmoqchi. Agar mahalla yordam bermaganida, bilmadim, bu muammolardan qanday chiqardik. Baʼzilar “Shu yoshingizda arzimagan oylikka ishlab sizga nima zarur”, deydi. Lekin bu minnatdorlik hissi. Bor kuch-gʻayratim bilan bizga koʻrsatilgan gʻamxoʻrlikka javob berishimiz kerak. Oʻquvchilarimga ham nafaqat hunar, balki pedagog sifatida vatanga muhabbat hissini uygʻotayotganimdan gʻururlanaman.
* * *
Har gal ana shunday oilalarni koʻrganimda, shukronalik hissi bilan qaytishim haqida koʻp aytaman. Toʻgʻri, muammo, qiyinchiliklar hammamizda ham bor. Har birimiz qayerdadir qoqilamiz, yiqilamiz. Ammo sabr bilan qayta tura olish va yoʻlda davom etish shukronalikning eng goʻzal koʻrinishi boʻlsa kerak.
Yiqilganida allaqachon davlatimiz qoʻl uzatgani, oʻz himoyasiga olgani esa kelajakka ishonchimizni yanada oshiradi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri