O'tgan hafta poytaxtimizda bo'lib o'tgan Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha II Xalqaro forum o'z ishini yakunladi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi mazkur forum tafsilotlari va imzolangan samarali bitimlarga to'xtaldi.

Unda keltirilishicha, forumning 6 ta tematik panel sessiyalari doirasida keng ko'lamli masalalar muhokama qilinib, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muammolar va takliflar bildirildi. COVID-19 pandemiyasi, jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik va boshqalar kabi muammolarga qaramay, O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish sohasida erishilgan yutuqlar qayd etildi.

Forumda 300 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, nufuzli xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlarning 100 dan ortiq taniqli ekspertlari ishtirok etdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Forum ishtirokchilariga yo'llagan murojaatini O'zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo'yicha maslahatchisi Ravshan Gulyamov o'qib eshittirdi.

Murojaatda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida yangi bosqichga ko'tarilgan kambag'allikni qisqartirish borasidagi islohotlar qat'iy davom ettirilishi alohida ta'kidlangan.

Davlatning ijtimoiy majburiyatlarini to'liq amalga oshirish, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish maqsadida kambag'allikka qarshi kurashning beshta asosiy yo'nalishi belgilandi.

Birinchidan, xususiy sektor va tadbirkorlik uchun eng qulay sharoitlarni yaratib berish.

Ikkinchidan, “ijtimoiy reyestr” tizimi doirasida kambag'al oilalarni individual yondashuv asosida manzilli qo'llab-quvvatlash dasturlarini jadal davom ettirish.

Uchinchidan, nogironligi bo'lgan shaxslar, xotin-qizlar, nuroniylar, alohida e'tiborga muhtoj aholi qatlamlariga mahallaning o'zida yuzdan ortiq ijtimoiy xizmatlarni ko'rsatish yo'lga qo'yish.

To'rtinchidan, aholi o'zi tanlagan loyihalarga “ochiq byudjet” tizimi orqali ajratilayotgan mablag'lar hajmini keskin ko'paytirish.

Beshinchidan, har bir shaxsning sifatli ta'lim va tibbiyot xizmatlaridan foydalanish huquqlarini ro'yobga chiqarishga qaratilgan ishlarimizni tobora kengaytirish.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Jamshid Qo'chqorov, O'zbekiston Respublikasi Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev, Iqtisodiyot bo'yicha Nobel mukofoti laureati, AQSH Milliy fanlar akademiyasi a'zosi Abhijit Banerji, Fransiya taraqqiyot agentligi Bosh ijrochi direktori Remi Riu, Jorj Vashington universitetining farovonlik iqtisodiyoti va kambag'allikni o'lchash bo'yicha iqtisod professori Jeyms Foster hamda Oksford kambag'allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi direktori Sabina Alkayr, Qirg'iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o'rinbosari edil` Baysalov Forum ishtirokchilariga o'z samimiy tilaklarini bildirishdi.

Forumda O'zbekistonning kambag'allik va tengsizlikka qarshi kurashdagi faol harakatlari yuqori baholandi. 2 mln 300 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar, xotin-qizlar, yolg'iz keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslar ijtimoiy himoya tizimi bilan to'liq qamrab olingani qayd etildi.

Nobel mukofoti laureati Abhijit Banerji O'zbekistonda kambag'allikka qarshi kurashga qaratilgan islohotlar haqida gapirar ekan, ijtimoiy dasturlar yaratish, aholining kam ta'minlangan qatlamini qo'llab-quvvatlash maqsadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qabul qilinayotgan turli dasturlar samaradorligini tushunish uchun qo'llaniladigan vositalarga e'tibor qaratdi.

"Bularning barchasi juda qiyin ish, lekin men sizning mamlakatingiz kambag'allikka qarshi qanday kurashish kerakligini o'z misolida boshqa mamlakatlarga ko'rsatayotganidan xursandman. Bugun shu yerda turib, men bu mamlakatdagi o'zgarishlar ruhini his qilyapman va siz bilan birga: "kelinglar, buni qilaylik", deyishdan faxrlanaman”, — dedi Nobel mukofoti sovrindori.

Forum doirasida Prezident maslahatchisi o'rinbosari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov moderatorligida O'zbekistonning kambag'allikni qisqartirish tajribasini o'rganishga bag'ishlangan Yalpi sessiyai bo'lib o'tdi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Musayev, Pokiston tashqi ishlar va inson resurslarini rivojlantirish federal vaziri Sajid Husayn Turi, Jorj Vashington universiteti qoshidagi elliot xalqaro aloqalar maktabi professori D.Foster, Xitoyning kambag'allikni kamaytirish xalqaro markazi direktori Lyu Junven, BMTning O'zbekistondagi doimiy vakili Konsuelo Vidal Bryus va boshqalar taqdimot qildi.

Forum yakunida bir qator hamkorlik hujjatlari imzolandi va yangi qo'shma loyihalar, jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va J-PAL o'rtasidagi hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi bo'lib o'tdi.

Forum doirasida xorijlik ekspertlar va hamkorlar O'zbekiston hududlariga tashrif buyurishdi, Buxoro viloyatidagi "Madaniyat" mahallasi misolida "mahallabay" tizimi asosida joylarda olib borilayotgan ishlar namoyish etildi. Hududlardagi ishlarni o'rganish natijalariga ko'ra, ekspertlar O'zbekistondagi strategiya va davlat dasturlari ta'sirini monitoring qilish va samaradorligini baholash, shuningdek, orttirilgan tajribani rivojlanayotgan mamlakatlarda yanada keng tarqatish maqsadida kambag'allikni qisqartirishning o'zbek modelini chuqurroq o'rganish zarurligini ta'kidladilar.